O‘zbekiston | 22:00 / 20.11.2017
16703
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Janubiy Koreyaning yana bir universiteti filiali ochiladi

Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Alisher Tillayev boshchiligidagi delegatsiya 16-18 noyabr kunlarida Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida bir qator muzokara va uchrashuvlarni o‘tkazdi. Unda Chilonzor tumani hokimi Davron Hidoyatov ham ishtirok etgan. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi. 

Jumladan, Seul vitse-meri Chang-beom Kim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Seul va Toshkent shaharlari hokimliklari o‘rtasida turizm va sport, hamda keng qamrovli o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hamkorlik doirasida «Suvsoz» DUKning 10 nafar xodimi 2018 yilda Seul shahriga tajriba almashish va malaka oshirishga yuboriladi.

Delegatsiya LG CNS pudratchisi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Toshkent shahar jamoat transportida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish (TOPIS) loyihasi muhokama etildi.

Shuningdek, Seulning Chung-gu va Sodemun okruglari rahbarlari bilan ikki shaharning tumanlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning istiqbollari muhokama markazida bo‘ldi. Chilonzor tumani va Sodemun okruglari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik kelishuvi imzolanishi qayd etildi.

Tashrif davomida delegatsiya Yeoju Institute of Technology rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu institut Yodjye shahrida joylashgan bo‘lib, 31 gektar maydonga ega va mamlakatdagi eng katta texnologik 10ta oliy ta'lim muassasasi safiga kiradi. Bugungi kunda ta'lim olayotgan talabalarning soni 6000dan oshadi. Uchrashuv davomida ushbu institutning Toshkent shahrida filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu o‘quv dargohida xalqaro ta'lim standartlari asosida elektronika, arxitektura, qurilish, dizayn, yer kadastri, muhandislik hamda marketing yo‘nalishlarida ta'lim beriladi. Toshkent shahar hokimiyati ayni damda bo‘shatilayotgan kollejlardan birining binosini ushbu institut uchun ajratishni ko‘zda tutgan. O‘z navbatida, Koreya tomoni yaqin kunlarda OTMni tashkil etish maqsadida ishchi guruhini Toshkent shahriga yuborishga tayyor. Institutga birinchi qabul jarayoni 2018 yilning 1 sentabr kuniga mo‘ljallangan. 

Navbatdagi uchrashuvni delegatsiya Hyundai Department Store Group kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazdi. Tomonlar qurilish sohasidagi maxsus texnika vositalarining butlovchi qismlari va qurilish mollarini yetkazib beruvchi, qiymati 20 mln. AQSh dollariga teng markaz qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Kompaniyaning direktorlar kengashi 18 noyabr kuni ushbu kelishuvga o‘z roziligini bildirdi.

Shuningdek, Khil Pyung Co.Ltd kompaniyasi vakillari bilan Toshkent shahrining zamonaviy axborot-kommunikatsion kadastr tizimi loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi. 3 mln. dan 5 mln. dollargacha baholangan loyiha bo‘yicha o‘zaro kelishuv imzolanadi. Moliyalashtirish KOICA grantlari asosida amalga oshiriladi.

Khil Pyung Co.Ltd kompaniyasi rahbari bilan uchrashuvda 2 yil davomida 7 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish orqali Toshkent shahrida ko‘p funksiyali turar-joy majmuasini qurilishi yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Daesung Celtic Enersys. va Jeil Architecture kompaniyalari rahbarlari bilan ham muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda gaz isitish moslamalari va elektr energiyani tejash tizimini joriy etuvchi korxona ochish bo‘yicha kelishuv tayyorlandi. Loyihaning qiymati 2 mln. dollar atrofida baholanmoqda.
 
Jeil Construction kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent viloyatining 5 ga hududida energiyadan samarador foydalanuvchi uylardan iborat Eko-shaharcha (Eco-village with energy efficiency houses) qurish loyihasini amalga oshirish kelishuvi muhokama qilindi. Loyihaning dastlabki qiymati 6 mln. dollar atrofida bo‘lib, koreyalik hamkorlar tomonidan moliyalashtiriladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid