Fan-texnika | 23:21 / 21.11.2017
6576
3 daqiqa o‘qiladi

iPhone X ishlab chiqarilishida o‘quvchilar mehnatidan noqonuniy tarzda foydalanilgan

Foto: Aly Song / Reuters

Xitoyda yangi iPhone X smartfonlari ishlab chiqarilishida o‘quvchilarning mehnatidan noqonuniy tarzda foydalanilgan. Bu haqda Chjenchjou shahridagi temir yo‘l transporti bilim yurti o‘quvchilariga iqtibos keltirgan holda 21 noyabrda Financial Times nashri xabar berdi. 

Bilim yurti tomondan Apple’ning Tayvandagi pudratchi kompaniyasi – Hon Hai Precision Industry (Foxconn) zavodiga yuborilgan 17 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 6 nafar o‘smir ular va ularning 3 ming tengdoshi sentabrda har kuni 11 soatlab ishlaganlarini nashrga aytib berishgan. O‘smirlarning ta'kidlashlaricha, ularning zavoddagi 3 oylik mehnatlari “mehnat amaliyoti” sifatida hisobga olingan.  

“Ushbu ishga bizni bilim yurtimiz yuborgan”, deb aytdi ushbu “amaliyotda” ishtirok etgan qizlardan biri. U jazolanishi mumkinligidan qo‘rqib, ismini ma'lum qilmagan. “Bu ish o‘qishimiz bilan hech qanday aloqaga ega bo‘lmagan”, deb aytgan o‘quvchi va kuniga iPhone X uchun 1,2 mingta kamera yiqqanini qo‘shimcha qilgan.

Apple va Foxconn zavodda o‘quvchilar ishlaganlari aniqlanganini tan olgan, biroq ular buni o‘z xohishlari bilan qilganlarini ta'kidlagan. Ikkala kompaniya ham bolalar belgilangandan ko‘p ishlamasliklari uchun choralar ko‘rishga va'da bergan. “Bizga zavodda o‘quvchilar ishlaganlari tasdiqlandi, biroq ular o‘z xohishlari bilan ishlagan ekanlar. Kompaniya bolalar imtiyozlar va kompensatsiyalar olishlari va ularning belgilangandan ko‘p ishlashlariga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha choralar ko‘rdi”, deb ma'lum qilingan Apple’da.

Foxconn vakillaridan biri kompaniya har yili ish tig‘iz bo‘lgan vaqtda, misol uchun qurilmalar bozorga chiqarilishidan oldin o‘quvchilar va talabalarni ishga yollashlarini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, bu davrda zavod ishchilari soni 100 mingdan 300 minggacha ko‘payishi mumkin. Shuning evaziga zavod kuniga 20 mingta smartfon ishlab chiqara oladi.  

Hududiy ta'lim vazirligida kompaniyalar shu tariqa bitiruvchilarga mehnat tajribasini olishda ko‘mak berishlari aytilgan. Xitoy ta'lim vazirligi nashrning ushbu holat yuzasidan so‘roviga javob bermagan.

Xitoyda amaliyotda bo‘lgan talabalarning belgilangandan ko‘proq ishlashlari noqonuniy hisoblanadi.

O‘quv yurti joylashgan Xenan hukumati Foxconn zavodi boshqa hududga ko‘chirilmasligi uchun unga talabalarni ishlashga taqdim qiladi. “Xenan viloyati Foxconn’ning hududda rivojlanishi uchun barcha ishni amalga oshiradi. Gap nafaqat soliq tushumlarida, balki sanoatning modernizatsiya qilinishi, eksport industriyasi yaratilishi, xorijiy hamkorning mavjudligida hamdir”, deb aytgan mahalliy amaldor.

Mavzuga oid