Jahon | 14:29 / 22.11.2017
11900
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev Putinni ham mukofotladi

Foto: RIA "Novosti"

Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atamboyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinni respublikadagi oliy davlat mukofoti – birinchi darajali "Manas" ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda Qirg‘iziston yetakchisi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Atamboyev tegishli farmonni chorshanba kuni imzolagan.

"Almazbek Atamboyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinni I darajadagi "Manas" ordeni bilan Qirg‘iziston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlash hamda ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotladi", - deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

"Manas" ordeni Qirg‘izistonning oliy davlat mukofoti sifatida 1996 yilda ta'sis etilgan. U uch darajaga ega bo‘lib, "davlat va demokratik jamiyat himoyasi hamda mustahkamlanishiga, xalq birdamligi, mamlakat iqtisodiy, ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qo‘shgan buyuk hissasi uchun" topshiriladi.

O‘z vaqtida I darajali "Manas" ordeni bilan yozuvchi Chingiz Aytmatov, BMT bosh kotibi Kofi Annan hamda boshqalar mukofotlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Almazbek Atamboyev Shavkat Mirziyoyevni orden bilan mukofotlagani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid