Samarqand viloyatida 23 yoshli yigit o‘z xotinining qotiliga aylandi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Bog‘ot mahallasida tashkil etilgan bu galgi uchrashuv odatdagi tadbirlardan farq qildi. Hokimlik, huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari mahalla xonadonlaridan birida yuz bergan mudhish jinoyatni keltirib chiqargan sabablar va uning oqibatlari haqida qishloq ahli bilan suhbatlashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
O‘tgan davrda viloyatda 1700 notinch, noqobil, ajralish yoqasidagi oilalar aniqlanib, bu oilalarda sog‘lom ma'naviy muhitni qaror toptirish maqsadida diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha mahalla maslahatchilari, otinoyilar, boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, faol xotin-qizlar murabbiy etib biriktirildi. Oila vakillari bilan yakka tartibda va psixologik suhbatlar o‘tkazildi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari, qaynonalar kengashi, imom-xatiblar, otinoyilarni jalb etgan holda, ajralish arafasidagi 645 oilaning muammolari o‘rganildi va hozirgacha ularning 416 tasi yarashtirildi.
– Yil boshidan buyon viloyatda 2 ming 917 oilaviy ajrim qayd etilgani amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligini ko‘rsatadi, – dedi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova. – Bu ajrimlar sababi tahlil etilganda, ularning 58 foizi oilaviy kelishmovchilik va nosog‘lom muhit, 7 foizi yoshlarning o‘zaro kelishmovchiligi, 5 foizi turmush o‘rtog‘ining ichkilik va giyohvandlikka berilgani, 3 foizi er yoki xotinning chet elga ishlash uchun ketib qolgani bilan bog‘liq. Shuningdek, yoshlarning oilaga tayyor emasligi, er va xotinning bir-biri, farzandlari, jamiyat oldidagi burch va majburiyatlarini bilmasligi, nikohning muqaddasligini anglamasligi ham oilalarning buzilib ketishiga olib kelmoqda. Bog‘ot mahallasida ro‘y bergan mudhish hodisaga ham ana shunday omillar sabab bo‘lgan. Bu noxush holat barchamizni g‘aflatdan uyg‘otib, ogohlikka chorlashi lozim.
– Hayot yo‘llari hamisha ham ravon bo‘lmaydi, oilada ba'zan er-xotin o‘rtasida tushunmovchilik bo‘lib turadi, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi L.Ubaydullayeva. – Shunday paytda er yoki xotindan biri o‘zini jahldan tiysa, yon bossa olam guliston – birozdan so‘ng yana hech narsa ko‘rmagandek yarashib ketishadi. Ammo bu oilada er-xotin yoshlik qilib, bir-birini tushunishni istamagan. Bir safar bu kelishmovchilik tufayli xotin otasining uyiga arazlab ketganda mahalla-ko‘y aralashib, ularni murosaga keltirgan va kelin eri bilan yashay boshlagan. Lekin oradan ko‘p o‘tmay o‘rtada yana kelishmovchilik boshlangan va shunday janjallarning birida er jahl ustida xotinini bo‘g‘ib, o‘ldirib qo‘ygan. Arzimagan gap-so‘z, bir-birini tushunmaslik oqibatida bitta yosh oila barbod bo‘ldi, endi 23 yoshga kirgan yigit o‘z xotinining qotiliga aylandi. Afsuski, bu faqat shu oilaning emas, butun mahalla-ko‘y, barchamizning fojiamizdir. Oiladagi ma'naviy muhit, er-xotinning o‘zaro munosabatidan xabardor bo‘lgan ota-ona, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y ushbu xonadonga kirib yoshlarga pand-nasihat qilganida, turmushning past-balandini tushuntirganida bu fojia ro‘y bermasmidi?!
Bu bir mahallada yuzaga kelgan jinoyatni muhokama qilish jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar, chiqarilgan xulosalar, xolos. Bunday ochiq muloqot, samimiy suhbat jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilmasdan avval, oilada kelishmovchilik yuzaga kelgan vaziyatda o‘tkazilganda, balki ushbu mudhish jinoyatning oldi olinarmidi.
Mavzuga oid
10:13 / 01.08.2024
Kattaqo‘rg‘onda Nexia urib ketishi oqibatida erkak va uning 4 yoshli qizi halok bo‘ldi
21:38 / 22.05.2024
Kattaqo‘rg‘onda bog‘cha tarbiyalanuvchisi jarohatlandi. Uni boshqa bola tishlab tashlagani aytilmoqda
07:48 / 12.09.2023
Jamshid Nasriddinov Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi
15:57 / 05.09.2023