Sport | 12:15 / 23.11.2017
18733
10 daqiqa o‘qiladi

8 o‘rin uchun 14 da'vogar. YeChLda keyingi bosqich uchun kimda qanday imkoniyat qoldi?

Foto: Sport Ekspress

22 noyabr oqshomida Yevropa Chempionlar Ligasida guruh bosqichining 5-turi yakunlandi. Natijalardan so‘ng, 8 jamoa rasman keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lishsa, qolgan 8 o‘rin uchun 14 jamoa kurash olib bormoqda. Demak, 10 jamoada bahorni ushbu turnirda boshlash uchun umuman imkoniyat qolmagan.

A GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 2

Imkoniyatlar: «MYu» – 99 foiz, «Bazel» – 61 foiz, TsSKA – 40 foiz

Yevropa Ligasiga: TsSKA

So‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketgan «Bazel» Moskvada «Benfika» ustidan g‘alaba qozongan TsSKA imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. Endi ruslar so‘nggi turda shveysariyaliklardan ko‘proq ochko to‘plashlari kerak bo‘ladi. TsSKA 6-turni «Old Trafford»da o‘tkazishini inobatga olsak, bu juda ham qiyin.

«Manchester Yunayted» 12 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turibdi va aytish kerakki, deyarli pley-off masalasini hal qildilar. «MYu», «Bazel», TsSKA jamoalari bir xil 12 ochkodan qo‘lga kiritgan taqdirlarida ham, avvalo, shu uch jamoa o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarga qaraladi. «MYu»da asosiy raqiblar bilan o‘yinlarda to‘plar nisbati +5, «Bazel»da -1, TsSKA da esa, -4. Demak, «MYu» olti to‘p farq bilan mag‘lubiyatga uchramasa, guruhda qolib ketmaydi. Hatto 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan ham Mourino shogirdlari guruhdagi 1-o‘rinni saqlab qoladilar.

Keyingi tur: «MYu» – TsSKA, «Benfika» – «Bazel»


V GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: Yo‘q.

Guruh g‘oliblari: «PSJ», «Bavariya»

Yevropa Ligasiga: «Seltik»

Ushbu guruhdan pley-offda qatnashadigan jamoalar qur'a paytidayoq aniq bo‘lib ulgurishgandi. Shunday bo‘ldi ham. So‘nggi tur faqat guruh g‘olibini va Yevropa Ligasi yo‘llanmasi sohibini aniqlab beradi.

Nemislar guruhda 1-o‘rinni egallash uchun o‘z maydonlarida «PSJ» ustidan to‘rt gol farqi bilan g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, «Anderlext» Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun «Seltik»ni o‘sha hisobda mag‘lub etish kerak. Zero shotlandiyaliklar Belgiyada 3:0 hisobida ustun kelgandilar.

Keyingi tur: «Bavariya» – «PSJ», «Seltik» – «Anderlext»

 

S GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 1

Imkoniyatlar: «Roma» – 90%, «Atletiko» – 10%

Yevropa Ligasi: «Atletiko»

Ozarboyjondagi g‘alabadan so‘ng, «Chelsi» keyingi bosqichga chiqdi. Ammo guruhda birinchi o‘rinni egallash ayniqsa, ingliz jamoasi uchun juda muhim. Chunki agar «Chelsi» guruhda ikkinchi o‘rinni olsa, pley-offda «Barselona» yoki «PSJ»ga to‘qnash kelish imkoniyati 70 foizga teng bo‘lib qoladi. Chunki, boshqa raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan jamoalar APL vakili («Beshiktosh»dan tashqari) bo‘lish ehtimoli yuqori. Ma'lumki, nimchorak finalda bir davlat vakillari to‘qnash kelishmaydi.

Xullas, «Chelsi» o‘z maydonida «Atletiko» ustidan g‘alaba qozonishi talab etiladi. Madridliklar esa, keyingi bosqichga chiqish uchun Londonda g‘alaba qozonishlari va «Qorabog‘»ning Rimda ochko olishidan umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. «Qorabog‘» esa, hozircha faqat «Atletiko»dan ochko olyapti xolos. 

Keyingi tur: «Chelsi» – «Atletiko», «Roma» – «Qorabog‘»

 

D GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 1

Imkoniyatlar: «Yuventus» – 80%, «Sporting» – 20%

Yevropa Ligasi: «Sporting»

«Barselona» guruhdagi 1-o‘rin masalasini ham hal qildi. Ikkinchi yo‘llanma uchun «Yuventus» va «Sporting» kurash olib boradi. «Sporting» guruhdan chiqish uchun «Kamp Nou»da «Barselona» ustidan g‘alaba qozonishi, bu ham yetmagandek, «Yuventus»ning Gretsiyada ochko yo‘qotishini kutishi kerak bo‘ladi.

Keyingi tur: «Barselona» – «Sporting», «Olimpiakos» – «Yuventus»

 

Ye GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 2

Imkoniyatlar: «Liverpul» – 80%, «Sevilya» – 80%, «Spartak» – 40%

Yevropa Ligasi: «Spartak»

«Spartak» so‘nggi turda «Enfild»da o‘ynaydi va faqat g‘alaba qozonsagina, keyingi bosqich masalasini hal qiladi. Bu o‘yindagi boshqa har qanday natija «Liverpul» va «Sevilya»ni keyingi bosqichga olib chiqadi.

O‘z navbatida, «Sevilya» narigi o‘yinga diqqatini chalg‘itmaslik uchun Mariborda g‘alaba qozonishi kifoya. Uch ochko ispanlarga 1/8 final yo‘llanmasini taqdim etadi.

Keyingi tur: «Liverpul» – «Spartak», «Maribor» – «Sevilya»

 

F GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 1

Imkoniyatlar: «Shaxtyor» – 60%, «Napoli» – 40%

Yevropa Ligasi: «Napoli»

Manchesterliklar guruh g‘olibi, shu bilan birga Gvardiola shogirdlari ikkinchi o‘rin masalasini ham hal qilishlari mumkin. So‘nggi turda «Siti»ni o‘z uyida qabul qiladigan «Shaxtyor» hech bo‘lmasa, 1 ochko olishga majbur. Aks holda, «Feyyenord»ga safar qiladigan «Napoli» ochkolar bo‘yicha ukrainaliklarga yetib olishadi. O‘zaro o‘yin bo‘yicha «Napoli»ning ustunligi bor.

«Feyyenord»ga qarshi o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirgan Gvardiola so‘nggi turda ham xuddi shu ishni amalga oshirishi shubhasiz, zero o‘sha o‘yindan uch kun o‘tib Manchester derbisi bo‘lib o‘tadi. Demak, barchasi «Shaxtyor»ning o‘z qo‘lida.

Keyingi tur: «Shaxtyor» – «Manchester Siti», «Feyyenord» – «Napoli»

 

G GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar soni: 1

Imkoniyatlar: «Portu» – 55%, «Leyptsig» – 45%

Yevropa Ligasi: «Leyptsig»

Qiziq holat yuzaga keldi. Ikkinchi o‘rin uchun kurash olib borayotgan ikki jamoa so‘nggi turda umuman ochko kerak bo‘lmagan ikki jamoani qabul qiladi. Albatta, yaxshiroq natija qayd etgan jamoa guruhda 2-o‘rin sohibiga aylanadi.

Albatta, «Portu»ning imkoniyati biroz balandroq, chunki birinchidan, ularning raqibi guruh autsayderi «Monako», ikkinchidan, ochkolar hozirgidek teng bo‘lib qolgan holatda, «Leyptsig» bilan o‘zaro o‘yinlarda portugaliyaliklarning natijasi yaxshiroq.

Keyingi tur: «Portu» – «Monako», «Leyptsig» – «Beshiktosh»

 

H GURUHI

Bo‘sh o‘rinlar yo‘q.

Yevropa Ligasi: «Borussiya» Dortmund

Bu guruhda faqat Yevropa Ligasi yo‘llanmasi taqdiri hal etilmagan. Hatto 1-o‘rin masalasi ham ma'lum, chunki, «Tottenhem» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ham, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, «Real»dan tepada turadi.

Faqat o‘zaro o‘yinlarda ikki bor 1:1 o‘ynab, boshqa ochko to‘play olmagan «Dortmund» va «APOEL» uchinchi o‘rin uchun «kurashadilar». Hozircha, to‘plar nisbatiga ko‘ra, nemislar oldinda, so‘nggi turdan keyin ham shunday bo‘lib qolsa kerak.

Keyingi tur: «Real» – «Borussiya», «Tottenhem» – «APOEL»

Mavzuga oid