Anons. Dam olish kunlaridagi asosiy uchrashuvlar
23 noyabr oqshomida Yevropa Ligasida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, bugundan esa kuchli beshlik va boshqa chempionatlarda navbatdagi tur uchrashuvlariga start beriladi. Ular ichida bir qator e'tiborga molik o‘yinlar ham bor, albatta va «Tribuna» bu uchrashuvlar anonsini keltiradi.
BORUSSIYa – ShALKe 04 (25 noyabr, 19:30)
Rur derbisi – Bundesliganing eng keskin to‘qnashuvlaridan biri. Rur regionining ikki katta klubi o‘rtasida kechadigan joriy mavsumdagi ilk o‘yinni guvohi bo‘lamiz. Shundoq ham, derbi juda qiziqarli o‘tishi tayin, buning ustiga turnir jadvalida jamoalarning qo‘shni bo‘lib turganliklari vaziyatni yanada keskinlashtirishi turgan gap.
Dortmundliklar juda yomon davrni boshdan kechirmoqda. So‘nggi ikki oyda, 9 o‘yinda jamoa atigi 1 o‘yinda g‘alaba qozondi xolos. Bundesligadagi oxirgi g‘alaba esa, 30 sentabrga to‘g‘ri keladi. Natijada «Borussiya» turnir jadvalida 1-o‘rindan 4-o‘ringa tushib ketdi. «Bavariya» bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil qilmoqda.
Gilzerkirxenliklar esa aksincha, sentabrdan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. So‘nggi olti o‘yinning beshtasiga g‘alaba qozongan Tedesko shogirdlari ligada ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
So‘nggi uch Rur derbisi durang bilan yakunlangandi. Xo‘sh, «Borussiya» o‘z maydonida bu an'anani buzib, nihoyat muvaffaqiyatsiz pallaga chek qo‘yadimi yoki muammo aslida yanada chuqurroqmi?
LIVeRPUL – CheLSI (25 noyabr, 22:30)
O‘n yillar oldin bu to‘qnashuv nafaqat Premer Liganing, balki Chempionlar Ligasining ham klassikalaridan biriga aylangandi. Bu ikki jamoa YeChLning oxirgi bosqichlarida ko‘p bor ro‘baru kelishgan.
Hozir esa, o‘rtaga APLdagi yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati tikilgan. Hozirda Klopp shogirdlarining «Manchester Siti» bilan farqi 12 ochkoni tashkil qilmoqda. Bu o‘yindagi yo‘qotish farqni yanada oshirishi mumkin va u holda chempionlik uchun kurashish imkonsiz. O‘z navbatida, «Chelsi»ning ochko yo‘qotishi «Manchester Yunayted»ni oldinroqqa o‘tkazib yuboradi.
Turnir jadvalini bir chetga yig‘ishtirsak, har ikki jamoa o‘yinga optimalga yaqin holatda yetib kelayotganini alohida ta'kidlash kerak. Klopp ushbu mavsumda nihoyat birinchi marta hujum chizig‘idagi ijrochilarning holatidan mamnun – Mane ham, Koutino ham safga qaytdi, Saloh ajoyib sermahsullik namoyish qilyapti. «Chelsi» ham Kante va Morataning tiklanishi, Azarning ajoyib sport formasiga kirib borayotgani bilan muhim pallaga kuchli holatda kirib kelmoqda.
Har ikki jamoa o‘tgan kunlari YeChLda to‘p surdi. «Liverpul» bir kun ko‘proq dam olish imkoniga ega bo‘ldi, ammo «Chelsi» osonroq raqibga qarshi to‘p surganiga ham e'tibor qaratish kerak.
O‘tgan mavsumda liverpulliklar Londonda g‘alaba qozonishgandi, ammo «Enfild»dagi o‘yinda 1:1 natijasi qayd etilgan.
BYoRNLI – ARSeNAL (26 noyabr, 19:00)
Bilsangiz kerak, bilmasangiz hayron qolasiz, 12-turdan so‘ng, bu jamoalarning to‘plagan ochkolari teng va turnir jadvalida yonma-yon borishmoqda. Shon Daych shogirdlari safarda top jamoalar bilan o‘ynashni o‘rganib olishdi – «Chelsi» ustidan g‘alaba, «Liverpul» va «Tottenhem» bilan durang. Endi «Byornli» ushbu mavsumda ilk marotaba top-6 vakilini o‘z uyida qabul qiladi.
«Byornli» va «Arsenal»ning so‘nggi 5 o‘yinida «Arsenal» g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bu safar mehmonlarni favorit deb aytish biroz qiyin. Sababi, o‘sha o‘yinlarning so‘nggi to‘rttasida minimal hisob qayd etilgan, buning ustiga «Byornli» ushbu mavsumda himoyada juda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. 12 o‘yinda 9 gol o‘tkazib yuborildi xolos – ligada uchinchi ko‘rsatkich.
Shuningdek, «Arsenal» safarda ishonchni oqlay olmayapti, shu paytgacha Venger shogirdlari safarda faqat «Everton» ustidan g‘alaba qozondi xolos. 4 o‘yinda londonliklar mag‘lubiyatga uchragan.
Kechagina «Arsenal» Yevropa Ligasi o‘yinida maydonga tushdi. Ammo Kyolnda butunlay ikkinchi tarkib maydonga tushganini unutmaslik lozim.
VILYaReAL- SeVILYa (26 noyabr, 22:30)
Ispaniyaning odatiy keskin va qiziqarli o‘yinini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, manzilda adashmadingiz. Kuchli to‘rtlik uchun bu yil Ispaniyada kurash qizg‘inroq bo‘lishini kutsa bo‘ladi, chunki oraga «Valensiya» ham qo‘shildi. Bu safar kimdir chetda qolishi kerak.
«Sevilya» va «Vilyareal» mos ravishda 22 va 21 ochkodan to‘plagan holda, 4-o‘rindagi «Atletiko»ni (24 ochko) ta'qib qilib borishyapti. Turnir nuqtai nazaridan ham bu o‘yin ko‘p masalani hal qilishi shubhasiz.
Har ikki jamoa ham yevrokuboklarda o‘z irodasini namoyish qildi. «Sevilya» birinchi bo‘limni 0:3 hisobida boy bergan o‘yinda durangga erishib, «Liverpul»ga Istanbulni eslatib qo‘ydi. Bu natija andalusiyaliklarning keyingi bosqich uchun imkoniyatlarini yaxshiladi. «Vilyareal» esa, «Astana» maydonida irodali g‘alabaga (3:2) erishib, keyingi bosqich masalasini hal qildi.
VALeNSIYa – BARSeLONA (26 noyabrdan 27 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Shubhasiz, mavsumning eng markaziy o‘yinlaridan biri. «Valensiya» bir paytlar «Atletiko» namoyish qilgan qahramonlikni ko‘rsatib, mavsum oxirigacha peshqadamlar bilan bir tempda bora oladimi? Bu savol nafaqat ushbu mavsum uchun, balki valensiyaliklarning kelajagi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi, nazarimizda.
«Valensiya» Madridda ham yutqazmaslikning uddasidan chiqa olgan. Lekin o‘sha o‘yin «Real»ning o‘z maydonidagi bir qator omadsiz o‘yinlar orasida bo‘lgani uchun, ko‘proq madridliklarning holatiga urg‘u qaratilgandi. «Barselona»ga qarshi esa, «Valensiya» mehmonlarning asosiy raqibi va ta'qibchisi, mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan kuchli jamoa sifatida saf tortadi. Demak haqiqiy sinov endi boshlanyapti.
Valverde «Barselona»ning bugungi salohiyatiga to‘g‘ri baho bera olyapti va ayniqsa, safardagi o‘yinlarda juda pragmatik o‘yin ko‘rsatmoqda. Bu safar ham mehmonlar durangga qarshi bo‘lmasalar kerak.
MONAKO – PSJ (26 noyabrdan 27 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
Agar o‘tgan yilgi Fransiya chempioni o‘z maydonida to‘xtatmasa, «PSJ»ni yana kim to‘xtatib qolishi mumkin?
To‘g‘ri, «Monako» o‘tgan yilgidan ko‘p farq qiladi – Bakoyoko, Mbappe, Silva, Mendi kabi yetakchilar jamoani tark etishgan, yangilar hali o‘zlarini ko‘rsatganlaricha yo‘q. Ammo shunday bo‘lsa-da, «Monako» Fransiya chempionatida yomon o‘ynamayapti. Ayniqsa, Fabinoning tarkibga qaytishi jamoa o‘yinlarini yanada kuchaytirdi. Jamoa 6 ochkolik farq bilan «PSJ»ning chempionatdagi eng yaqin ta'qibchisi hisoblanadi. Bu o‘yindan so‘ng, farq qisqarishi mumkin.
SPARTAK – ZeNIT (27 noyabr, 21:30)
«Spartak» ligada so‘nggi mag‘lubiyatni avgust oyida qabul qilgan. Qatorasiga «Zenit», «Lokomotiv» va TsSKAga qarshi maydonga chiqqan chempionlar har uch o‘yinni boy bergandi. Ammo keyinchalik, jamoa natijalari barqarorlashdi va 12 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Lekin yana kuchli raqiblar davri boshlanadi – «Zenit»dan so‘ng, dekabr oyida armiyachilarga qarshi o‘yin kutib turibdi. «Spartak» bu mavsum ham chempionlik poygasiga aralasha oladimi, yo‘qmi, bu o‘yin savolga javob berishi shubhasiz.
«Zenit» esa, «Lokomotiv»dan uch ochko ortda qolgan holda, peshqadamni ta'qib etishda davom etyapti.
Jamoalarning so‘nggi 16 o‘zaro o‘yinlarining yarmida «Zenit» g‘alaba qozongan. Lekin piterliklarning «Spartak» maydonida 2012 yildan beri g‘oliblik nashidasini surmay kelayotganliklariga ham e'tibor qaratish lozim.
BOShQA O‘YINLAR
25 noyabr: MANCheSTeR YuNAYTeD – Brayton (20:00), TOTTeNHEM – Vest Bromvich (20:00), ReAL – Malaga (20:15), Borussiya M – BAVARIYa (22:30), Kalyari – INTeR (24:45)
26 noyabr: Byornli – ARSeNAL (19:00), MILAN – Torino (19:00), Udineze – NAPOLI (19:00), Jyenoa – ROMA (19:00), Haddersfild – MANCheSTeR SITI (21:00)
Mavzuga oid
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
18:27 / 15.09.2023
«Bavariya» peshqadamga qarshi, Milanda derbi, «MYu» va «Real» uchun jiddiy sinov
16:28 / 01.01.2022
Londonda ustoz-shogird to‘qnashuvi, «Chelsi» - «Liverpul», «Real» va «Barsa» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
17:15 / 06.11.2021