Light | 21:32 / 26.11.2017
10561
6 daqiqa o‘qiladi

Top-100: Dunyoning eng samarali faoliyat yurituvchi bosh direktorlari

15 yil ilgari menejment haqidagi kitoblar muallifi Jim Kollinz kuchli rahbar faoliyatini g‘ildirakni aylantirishga qiyoslagan. Shunchaki yaxshi kompaniyadan ilg‘or kompaniya darajasiga o‘tishni birgina harakat bilan amalga oshirib bo‘lmaydi, - deb yozadi u 2001 yilgi kitobida. - Aksincha, jarayon ulkan, og‘ir g‘ildirakni aylantirishni yodga soladi: bir yo‘nalishda, asta-sekinlik bilan harakatlanib, nihoyat to‘plangan salohiyat siz uchun ishlay boshlaydigan darajaga yetadi va kompaniya shiddat bilan o‘sish davriga o‘tadi. Kollinzga ko‘ra, g‘ildirak o‘z aylanish tezligini saqlab qolishga harakat qiladi, deb yoziladi Harvard Business Review'da.

Ajablanarli tarzda o‘tgan yilgi reytingga o‘xshash 2017 yilning eng yaxshi 100 bosh direktori reytingida inersiya kuchi seziladi. Yetakchilar uchligidagi ikki kishi, top-25'dagi 16 kishi va top-100'dagi 72 kishi reytingdagi  pozitsiyasini saqlab qolgan. Joriy yilda ro‘yxatdan tushib qolgan 28 kompaniya rahbaridan 11 nafari iste'foga chiqqan, qolgan 17 nafari, jumladan Heineken va Vodafone rahbarlari esa aksiyalar narxi pasayishidek jiddiy muammoga duch kelishgan. Ro‘yxatdagi 100 bosh direktor o‘rtacha 17 yilda o‘z aksiyalarini 2507 foizga, ya'ni yiliga 21 foizlik daromad bilan ta'minlashgan.

Bunday doimiylikka izoh bor. Sub'yektiv baholar yoki qisqa muddatli natijalarga asoslangan reytinglardan farqli o‘laroq, ro‘yxat bosh direktorning to‘liq ish faoliyati samaradorligining obektiv ko‘rsatkichlarini inobatga oladi. Biz reyting tuzishni uzluksiz jarayon deb hisoblaymiz va hisoblash usullarini takomillashtirish yo‘llarini izlaymiz - biroq bu yili biz o‘zgarishlar kiritmadik, kutilmagan sovg‘alarning yo‘qligi ham shu bilan izohlanmoqda.

Joriy yilda reytingning eng oliy o‘rnini ilk marta Zara, Pull&Bear, Massimo Dutti, Bershka, Stradivarius, Oysho va Uterqüe, shuningdek Zara Home tarmoqlarini boshqaruvchi Pablo Isla (Inditex) egalladi. Isla o‘z lavozimiga kirishgan vaqtdan boshlab (2005 yil) Inditex'ning global ekspansiyasini o‘tkazdi, unga ko‘ra esa, kuniga o‘rtacha bittadan do‘kon ochildi. Bu tashkilotning bozor narxini oshirdi: u Ispaniyaning eng qimmat kompaniyasiga aylandi. Isla ko‘p vaqtini do‘konlarda o‘tkazadi, biroq matbuot e'tiborini chetlab o‘tish maqsadida ochilish marosimlarida kamdan-kam holatlarda qatnashadi. Pablo Isla yig‘ilishlar o‘rniga ish joylariga tashrif buyurishni afzal ko‘radi: u shu tariqa yirik kompaniyadagi tadbirkorlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi.

Boshqa zamonaviy riteyllardan farqli o‘laroq, Inditex jismoniy va internet-do‘konlar muvozanati, shuningdek "tezkor yetkazib berish" tizimi bilan ajralib turadi: mahsulotlarning yarmidan ko‘pi sotuv joylari yaqinida ishlab chiqariladi. Bu omborlarga bo‘lgan ehtiyojlarni kamaytiradi va eng yangi trendlardagi tovarlarni do‘konlarga tezkor yetkazib berish imkonini beradi.

Moliyaviy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Isla 18-o‘rinda, lekin ESG ko‘rsatkichlari uni reyting cho‘qqisiga olib chiqdi. ESG maslahatchilari Inditex'ning yetkazib berish zanjiri boshqaruvidagi shaffofligini yuqori baholashdi. Kompaniya iste'molchilarni kiyilgan kiyimlarni qayta ishlashga topshirishga rag‘batlantiradi (Ispaniyada talabga ko‘ra kiyimlarni uyning o‘zidan olib ketishlari mumkin), Zara tarmog‘ining Join Life brendi mahsulotlari esa suv va boshqa resurslardan imkon qadar kam foydalangan holda ikkilamchi xomashyodan ishlab chiqariladi.

Agar faqat moliyaviy ko‘rsatkichlar inobatga olinganda edi, 2014 yilda reytingni boshqargan Amazon asoschisi Jyeff Bezos so‘zsiz yetakchi bo‘lardi. 2015 yildan boshlab ESG ko‘rsatkichlari hisobga olina boshlandi, Bezos 87-o‘rindan 76-pog‘onaga ko‘tarilgan, hozir esa 71-o‘rinda. Amazon kompaniyasining ESG ko‘rsatkichlari pastligicha qolmoqda: bu yil 88 foiz tashkilotlar uni ortda qoldirdi. Biroq kompaniya o‘z ustida ishlamoqda. Uning yirik Web Services bo‘limi quyosh va shamol generatorlaridan energiya olmoqda. Amazon barqaror rivojlanish bo‘yicha tajribali direktorlarni yolladi va bu tez oradagi o‘zgarishlarga umid bag‘ishlaydi.

Albatta, sarmoyachilar doim moliyaviy ko‘rsatkichlarga ko‘proq e'tibor qaratib kelishgan, biroq bugungi kunda ekologiya me'yorlari ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda Oksford universitetining Said nomli biznes-maktabidan Amir Amal-Zoda va Harvard biznes-maktabidan Jorj Serafeym 31 trillion dollarlik umumiy summali aktivlarni boshqaruvchi investitsiyalar sohasidagi 413 top-menejyer ishtirokidagi so‘rovnoma natijalarini taqdim etishdi. Ularning yarmi investitsiyalar muvaffaqiyatini baholashda ESG-ma'lumotlarini muhim deb hisoblaydi.  Taxminlarga ko‘ra, sarmoyachilar ekologik kompaniyalarga mablag‘ kirita boshlashadi.

Quyida keltirilgan kompaniyalar rahbarlari ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham eng yaxshi natijalarga erishishgan.

Mavzuga oid