Jamiyat | 11:54 / 27.11.2017
18051
2 daqiqa o‘qiladi

Yana kollej o‘quvchilari. Jizzaxda 5 o‘quvchi o‘z tengdoshlarini kaltakladi

Jizzaxda Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchilari Mirzacho‘l agroiqdisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qiydigan tengdoshlarini kaltaklashdi. Mirzacho‘l tumanidagi 13-musiqa va san'at maktabida ushbu ma'muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha sayyor ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Sudda ko‘rilgan “hech bir sababsiz” janjalning sababi aslida bunday bo‘lgan: joriy yil 20 sentabr kuni Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchilari Dilshod Tursunboyev, Bekjon Xo‘jaahmedov, Naim Xonkelov, Keldiyor Islomov va Otabek Sulaymonov Mirzacho‘l agroiqdisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qiydigan tengdoshlari Bobir Azizov va Bekzod Ne'matov bilan “hisob-kitob” qilib qo‘yish uchun ularning yo‘lini to‘sadi. Janjalda, albatta, ko‘pchilik tomon ozchilikni kaltakladi. Janjal ko‘pchilik ozchilikni uyigacha kaltaklab "yetkazib" qo‘yishi bilan yakunlandi. 

Natijada agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Bekzod Ne'matov shifoxonaga tushdi, Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining besh nafar o‘quvchisi ma'muriy javobgarlikka tortildi. 

Achinarlisi, o‘quvchilar o‘rtasidagi ixtilof garchi anchadan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, mushtlashuvgacha bu holga na ota-ona, na mahalla va na bilim yurti ma'muriyati e'tibor berdi. Befarqlikning oqibati o‘quvchilardan birining tan jarohati olgani, besh nafarining ustidan ma'muriy huquqbuzarlik ishi qo‘zg‘atilganidan so‘nggina jamoatchilik e'tiborini tortdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid