Jahon | 16:50 / 30.11.2017
49998
3 daqiqa o‘qiladi

Jahonda yangi urush xavfi yuzaga keldi - NATO generali

Xitoyning harbiy qudrati ortishi va Rossiyaning qayta uyg‘onishi keyingi yillarda NATO uchun tahdid tug‘diradi, natijada yaqin yillarda sovuq urush davridagi kabi qurollanish poygasi boshlanib ketadi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda NATO hisobotida aytilgan.

Har 4 yilda bir marta chop etiladigan hisobotda keltirilishicha, 2035 yilga qadar alyansga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan 20ta global tendensiyalar, sun'iy intellekt taraqqiyotidan tortib iqlim o‘zgarishi va tengsizlik kuchayishiga qadar sanab o‘tilgan. 

Hisobotda mudofaa xarajatlari Rossiya tomonidan 2014 yilda Qrim annektsiya qilinishi ortidan o‘sa boshlagani ko‘rsatib o‘tilgan. Prognozlar bunday xarajatlar 2045 yilgacha o‘sishda davom etishini ko‘rsatadi.

Hisobot mualliflari xarajatlar ortishi «sovuq urush» davridagi kabi vaziyatni yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

NATO birlashgan qurolli kuchlarining transformatsiya masalalari bo‘yicha oliy qo‘mondoni General Denis Mersening aytishicha, oxirgi hisobot shundan darak beradiki, ayni vaqtda davlatlararo katta urush kelib chiqishi xavfi paydo bo‘lgan.

General Deni Merse. REUTERS/Eric Vidal

«Biz davlatlaro ziddiyat ko‘lami 2013 yildagidan ham kengroq ekanini ko‘rib turibmiz», - degan janob Merse Reuters muxbiriga Berlinda bo‘lib o‘tgan xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya vaqtida.

Uning qo‘mondonligi bahorda qo‘shimcha hisobotni taqdim etadi. Unda NATOning bu tendensiyalarga qanday choralar ko‘rishi bayon etilgan bo‘ladi. Bu ikki hujjat NATO rahbariyatining 2019 yil uchun siyosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.

«Xitoy va Rossiyaning harbiy qudrati ortishi Transatlantika alyansi uchun yaqin yillarda katta chaqiriq bo‘ladi, NATO o‘z imkoniyatlarini kuchaytirish uchun ko‘radigan choralari «sovuq urush» davridagi kabi yangi qurollanish poygasi boshlanishiga olib kelishi mumkin. Biz davlatlararo yangi qurolli ziddiyatlar paydo bo‘lishi ehtimollarini ko‘rmoqdamiz», - deya qayd etgan harbiy tahlilchi.

Bundan tashqari, janob Merse NATO kiberxavfsizlik sohasiga jiddiy e'tibor qaratishni boshlagani haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid