Jahon | 09:13 / 01.12.2017
19870
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada tanasida Pepsi logotipi bo‘lgan qisqichbaqa topildi

Kanadalik baliqchilar Fandi ko‘rfazida panjasida Pepsi logotipi tasviri bo‘lgan lobster qisqichbaqasini topishdi. Bu haqda Guardian nashri xabar bermoqda. 

Ushbu antiqa lobsterni birinchi bo‘lib Karissa Lindstrend aniqladi. U qisqichbaqada qizil-oq-ko‘k rangdagi belgi borligiga e'tibor qaratgan. Bu belgi Pepsi logotipi deb qabul qilingan.

Bir haftadan keyin internetda bu logotip qisqichbaqa qisqichida qanday qilib paydo bo‘lgani borasida bahslar boshlangan. Ba'zilar Pepsi bankasi qisqichbaqaning tanasiga singib ketgan, boshqalar esa Pepsi qutisining bir qismi yopishib qolgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Biroq qisqichbaqani aniqlagan ayolning o‘zi bu taxminlarga qo‘shilmayapti. Guvohlarning aytishicha, qisqichbaqa qisqichida “tatuirovka” tushirilgandek mayda nuqtalar ko‘ringan, shu sababli bu tasvir banka sababli paydo bo‘lmagan, qutidagi tasvir esa ancha katta bo‘ladi. Logotip Lindstrendga bosma suratni eslatgan. Biroq qog‘oz suvda parchalanib ketgan bo‘lardi. 

Foto: The Guardian

Ushbu topilma dunyo suvlarida to‘planib borayotgan chiqindilar haqida yana bir bor eslatdi. Ekologlar ma'lumotlariga ko‘ra, har yili okeanga plastmassa chiqindilarning o‘zidan 13 mln tonnaga yaqin tashlanar ekan. Ellen Makarturning jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, bunday ketishda 2025 yilda dunyo okeanidagi har uch kilogramm baliqqa bir kilogrammdan chiqindi to‘g‘ri keladi, 2050 yilda esa okeandagi chiqindilar massasi sayyoramizdagi barcha baliqlarning umumiy og‘irligidan ko‘proqni tashkil qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid