Bill Geyts versiyasi: 2017 yilning eng yaxshi kitoblari
Dunyoning eng badavlat kishilaridan biri, Microsoft asoschisi Bill Geyts shaxsiy blogida 2017 yilda unda eng katta taassurot qoldirgan kitoblar haqida ma'lumot berdi.
"Mutolaa — qiziqishimni qondirishning sevimli usuli. Qiziqarli odamlar bilan uchrashish va ish bo‘yicha ajoyib joylarda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsam-da, baribir, kitob — sizni qiziqtiruvchi yangi mavzularni o‘rganishning eng yaxshi yo‘li. Bu yil men mutlaqo turli mavzularga bag‘ishlangan asarlarni tanladim", - deydi Geyts. Forbes mazkur kitoblar ro‘yxati va milliarderning ularga bergan izohlari bilan bo‘lishdi.
1. "Qo‘limizdan kelgan eng yaxshisi", Txi Buy (The Best We Could Do, Thi Bui)
Ushbu ajoyib grafik roman ota-ona va qochqin bo‘lish qanday ekanini tasvirlovchi chuqur shaxsiy memuarlarni o‘zida jam qilgan. Muallif, rassom Txi Buyning oilasi 1978 yilda Vetnamdan qochgan. Farzandli bo‘lgach, ayol mustamlakachilar tomonidan parokanda qilinayotgan mamlakatda yashagan ota-onasining tajribasi haqida ko‘proq bilishga qaror qildi.
2. "Ko‘chirib yuborilganlar: Amerika shahridagi qashshoqlik va farovonlik", Metyu Desmond. (Evicted: Poverty and Profit in the American City, Matthew Desmond).
Qashshoqlikka doir muammolar qanday bog‘lanishini bilmoqchi bo‘lsangiz, albatta, Miluokiga ko‘chish inqirozi haqidagi bu kitobni mutolaa qilishingiz kerak. Metyu Desmond qashshoqlikda yashovchi amerikaliklarning ajoyib portretini yaratgan. Uning kitobi menga bu mamlakatda qashshoq bo‘lish qanday ekani borasida boshqa har qanday kitobdan ko‘ra ko‘proq ma'lumot berdi.
3. "Menga ishoning: Sevgi, o‘lim va jaz tovuqlari haqidagi memuarlar", Eddi Izzard. (Believe Me: A Memoir of Love, Death, and Jazz Chickens, Eddie Izzard).
Stendap-komik Izzardning tarixi juda qiziq: uning bolaligi qiyin kechgan, Izzard tabiat tomonidan in'om etilmagan iste'dod yetishmovchiligini yengib o‘tish va jahon yulduziga aylanish uchun tinim bilmay ishlagan. Uning yozma nutqi minbardagi chiqishlarini yodga soladi, shu bois kitobni o‘qish davomida bir necha marta bor ovozim bilan kulib yubordim.
4. "Xush yoquvchi", Vet Txan Nguyen. (The Sympathizer, Viet Thanh Nguyen).
Vetnam urushi haqidagi men o‘qigan kitoblar va ko‘rgan filmlarimning aksariyati Amerika nuqtai nazarini ilgari suradi. Bir necha mukofot olgan roman o‘sha yillar ikki o‘t orasida qolgan vetnamliklarga qanday qiyin bo‘lgani haqida zarur ma'lumotlarni taqdim etadi. "Xush yoquvchi" qayg‘uli roman bo‘lishiga qaramay, u shuningdek ikki tomonlama agent va u tushgan noxush vaziyatlar haqida hikoya qiladi.
5. "Energiya va sivilizatsiya: tarix", Vatslav Smil. (Energy and Civilization: A History, Vaclav Smil).
Vatslav Smil — mening sevimli mualliflarimdan biri, bu asar ham shedevr. U bizning energiyaga bo‘lgan ehtiyojimiz qanday qilib insoniyat tarixini shakllantirganiga izoh beradi. Bu oddiy kitob, biroq uni o‘qib, energetikadagi innovatsiyalar qanday qilib sivilizatsiya rivoji yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkinligi haqida yanada ko‘proq bilimga ega bo‘lasiz.
Mavzuga oid
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
23:20 / 03.10.2024
Bill Geyts sun’iy intellekt oldidagi uchta asosiy qo‘rquvini aytdi
14:40 / 31.08.2024