O‘zbekiston | 14:50 / 06.12.2017
15806
3 daqiqa o‘qiladi

Qish-bahorda aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash bo‘yicha qaror imzolandi

Foto: Fotolia

Prezidentning 30.11.2017 yildagi PQ–3418-son 2017-2018 yillar qish-bahor davrida aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. 

Norma.uz’ning xabar berishicha, hujjat bilan Prezidentning 23.06.2017 yildagi PQ–3082-son qarorida ko‘rsatilgan bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati uzaytirildi. Shu tariqa, 2019 yilning 1 yanvariga qadar tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi (Jamg‘arma) mablag‘lari hisobiga import qilinadigan ijtimoiy ahamiyatli oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod etiladi. Dastlab imtiyoz 2018 yilning 1 apreligacha joriy qilingan edi.

Ma'lumot uchun: Bojxona kodeksining (BK) 289-moddasiga binoan bojxona to‘lovlari deganda bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i bojxona yig‘imlari tushuniladi. Bojxona yig‘imlari – mazkur qaror doirasida undiriladigan boj to‘lovlarining yagona turi bo‘lib, bojxona organlari tomonidan BKning 291-moddasida ko‘rsatilgan harakatlar va taomillar bajarilganligi uchun to‘lanadi. Bojxona yig‘imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining 30.04.1999 yildagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Jamg‘arma Vazirlar Mahkamasining maxsus jamg‘armasi ko‘rinishida Moliya vazirligining 400 mlrd so‘m miqdoridagi boshlang‘ich badali hisobiga tashkil etilgan. Jamg‘armaning mablag‘lari ichki bozordagi oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talab va takliflarning mavsumiy va jadal tebranishlarini silliqlashtirishga yo‘naltiriladi. Birinchi navbatda, bu go‘sht, o‘simlik va hayvon yog‘i, g‘alla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz, shuningdek, boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlariga daxl qiladi.

Jamg‘armaning mablag‘lari Moliya vazirligi tomonidan qaytarish asosida foizsiz qarz ko‘rinishida tayyorlovchi tashkilotlarga ajratiladi, ularning ro‘yxati  Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Ajratilgan mablag‘larga yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarga (kontraktlarga) muvofiq hajmlarda oziq-ovqat tovarlari xarid qilinadi.

Hujjat 1.12.2017 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid