Jahon | 08:00 / 07.12.2017
7501
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiyaning chegaralarini belgilab bergan kelishuvni qaytadan ko‘rib chiqish zarurligini aytdi  

Foto: Yasin Bulbul/Pool

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Gretsiyaga safari oldidan Gretsiyaning Skai telekanaliga bergan intervyusida Lozanna tinchlik sulhi yangilanishi lozimligini aytdi.

Lozanna tinchlik sulhi 1923 yilda bir tomondan Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Gretsiya, Ruminiya, Yugoslaviya va ikkinchi tomondan Turkiya imzolagan hujjat hisoblanib, u Turkiyaning yangi chegaralarini belgilab bergan va shu tariqa huquqiy jihatdan Usmon imperiyasi parchalanganini rasmiylashtirgan. 

Gretsiya hukumatining rasmiy vakili Erdo‘g‘anning intervyusi yuzasidan “jiddiy tashvish” bildirdi.

Lozanna sulhi shuningdek, Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi chegaralarni belgilaydi va Gretsiyaning Egey dengizidagi orollarga egalik qilish huquqini aniqlashtiradi. 

“Men yangilanish haqida gapirganimda, alfadan tortib omegagacha barchasini muhokama qilishimiz mumkin. Gretsiya ba'zi masalalar, muayyan prognozlardan achchiqlanishi mumkin, biroq biz o‘tirib, barchasini muhokama qilishimiz mumkin”, deb aytgan Erdo‘g‘an. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, u o‘tkazmoqchi bo‘layotgan muhokama Gretsiyaga  emas, umuman butun mintaqaga taalluqli bo‘ladi. Lozanna sulhi, shuningdek, Turkiya, Iroq va Suriya o‘rtasidagi chegaralarni ham belgilaydi.   

Erdo‘g‘an qanday o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi bo‘layotganiga aniqlik kiritmagan, biroq ba'zi orollar orasidagi masofa “muammoli” ekanini aytgan. Erdo‘g‘anning bu bayonoti Lozanna sulhini ikki tomonlama munosabatlarga asos deb hisoblovchi Gretsiyaning pozitsiyasiga keskin zid keladi. Buni Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras ham “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.  

Erdo‘g‘an Gretsiyaga 7-8 dekabr kunlari tashrif buyuradi. U 7 dekabrda Afinada Gretsiya prezidenti Prokopis Pavlopulos va bosh vazir Aleksis Tsipras bilan muzokaralar o‘tkazadi, 8 dekabrda esa Komotini shahrida musulmon ozchilik bilan uchrashib, mahalliy masjidga tashrif buyuradi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid