00:50 / 07.12.2017
21402

«Poroshenko yangi yilgacha prezidentlik lavozimidan ketishi mumkin» - Saakashvili

FOTO: © AP Photo / Eugeny Maloletka

Gurjistonning sobiq rahbari, Odessa oblastining sobiq gubernatori Mixail Saakashvili ukrainaliklar prezident Pyotr Porshenkosiz «yangi yilni kutib olishlari uchun barcha imkoniyatlari bor»ligini ma'lum qilgan, deb yozadi RIA Novosti.

Saakashvili oldinroq uning hamfikrlari Poroshenkoga impichment e'lon qilish uchun butun mamlakat bo‘ylab imzo to‘plashni boshlab yuborganini aytgan edi.

«Men Poroshenko tomon keng qamrovli, tinch yo‘l bilan hujumga tayyorgarlik ko‘rishni taklif etaman... Ishontirib aytamanki, agar yaxshilab ishlasak, Yangi yilni usiz kutib olish uchun bizda barcha imkoniyatlar bor», — degan Saakashvili Kiyevdagi yig‘in chog‘ida.

Mixail Saakashvili shuningdek, o‘zi va ukrainalik ishbilarmon Sergey Kurchenko o‘rtasida bo‘lib o‘tgan, go‘yoki ular o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida kelishib olgan suhbatni huquq-tartibot organlari soxtalashtirganini ta'kidlagan. Buni isbotlash uchun poligrafda sinalishga ham tayyor ekanligini bildirgan.

Ilgariroq Ukraina bosh prokuraturasi Kurchenko va Saakashvilining o‘zaro hamkorlik qilishi haqidagi suhbati yozilgan audioyozuvni oshkor etgan edi.

«Ular mening suhbatimni soxtalashtirishgan. Men dunyodagi istalgan poligraf-testdan o‘tishga tayyorman», — dedi u yig‘in chog‘ida.

Saakashvili seshanba kuni jinoiy tashkilotlar a'zolariga ko‘mak bergani va ularning jinoiy faoliyatini yashirganlik bo‘yicha jinoyat ishi doirasida hibsga olingan edi. Biroq tarafdorlari uni huquq-tartibot organlaridan tortib olishgan, shundan so‘ng Kiyev markaziga yo‘l olib, prezident impichmentini talab qilishgan. Siyosatchi Ukrainada qidiruvga berilgan. Chorshanba kuni huquq-tartibot organlari Saakashvilining chodirli lageriga kelishgan, biroq uning tarafdorlari qarshiligiga uchrashgan.

Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenkoning bildirishicha, Kiyevda Saakashvili tomonidan uyushtirilayotgan aksiyalar sobiq prezident Yanukovich atrofidagi insonlar, xususan, ishbilarmon Kurchenko tomonidan moliyalashtirilmoqda va Ukrainada davlat hokimiyatini yiqitishga yo‘naltirilgan. Saakashvili bu ayblovlarni bo‘hton deb atagan.

17 oktabrdan buyon Kiyevdagi Rada binosi oldida muddatsiz norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda va uning qatnashchilari deputatlik daxlsizligini bekor qilish, saylov islohoti o‘tkazish  va aksilkorrupsiya sudini tuzish haqida qonun qabul qilinishini talab qilishmoqda. Avvaliga aksiyaga turli yo‘nalishdagi siyosiy kuchlar, jumladan, «Dvijyeniye novix sil» partiyasi ham qo‘shilgan edi. Mitinglarning birinchi haftasidan so‘ng qatnashuvchilarning katta qismi norozilik aksiyasidan chiqishini bildirishgan.

Mavzuga oid
Top