17:20 / 17.12.2017
9333

Osiyo taraqqiyot banki “O‘zbekenergo" bilan hamkorlik dasturiga 1,6 million AQSh dollari ajratdi

2017 yil 15 dekabr kuni poytaxtimizdagi  HYATT  REGENCY mehmonxonasining anjumanlar zalida Osiyo taraqqiyot banki, Jahon bankining energetika sohasi bo‘yicha mutaxassislari va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan “O‘zbekistonda energetika tizimini isloh qilish va xalqaro moliyalashtirish standartlarini o‘rganib chiqib hayotga tatbiq etish” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta bozorini liberallashtirish sharoitida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning birinchi galdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta'minlash maqsadida energetika tizimining barqaror faoliyat ko‘rsatishi uchun energotizimni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida Hukumat tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilanganligi yuzasidan “O‘zbekenergo” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari  J.Obidjonov alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ishlab chiqarishni izchil texnologik modernizatsiyalash va samaradorligini oshirish yo‘li bilan ularning moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, noishlab chiqarish sarf-xarajatlarini qisqartirish, xodimlar tarkibi va sonini optimallashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq ilg‘or yondashuvlar va korporativ boshqaruv tizimlarini takomillashtirish haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma'lumot berdi. 

Shuningdek, anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan energetika tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar Osiyo taraqqiyot bankining energetika bo‘yicha mutaxassisi janob S.Kim tomonidan yuqori baholandi va “Energiya samaradorligini oshirish va hamkorlikni kuchaytirish” mavzusidagi ma'ruzasi tinglandi.

Milliy valyuta devalvatsiyasi davrida energotizimning moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida “O‘zbekenergo” AJ tomonidan OTB (Osiyo taraqqiyot banki) bilan hamkorlikda moliyaviy barqarorlikni ta'minlovchi quyidagi chora-tadbirlar belgilangan:

1) “O‘zbekenergo” AJning kredit barqarorligini mustahkamlash;
2) biznes profilni yaxshilash;
3) korporativ va operatsion samaradorlikni oshirish;
4) elektr qiymati asosidagi samarali tariflarni joriy etish. 

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun OTB tomonidan quyidagi maqsadlarga 1,6 mln. AQSh dollariga teng grantlar ajratilmoqda: 

-   asosiy vositalarni qayta baholash;
-  “O‘zbekenergo” AJ va uning shu'ba korxonalari korporativ diagnostikasini amalga oshirish;
-  xalqaro auditorlik kompaniyalari tomonidan tashqi audit o‘tkazilishi.
 
Bundan tashqari, OTB tomonidan elektr qiymati asosidagi samarali tariflarni baholash usulini ishlab chiqish uchun grant asosida xorijiy kompaniyani belgilash rejalashtirilmoqda.     

Shu qatorda tadbirda chet el davlatlari, xususan, Yevropa va qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari energetika bozorida ish olib borish tajribasiga oid ma'lumotlari tinglanib OTB tomonidan “O‘zbekenergo” AJga texnik ko‘mak ko‘rsatish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Anjuman so‘ngida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, kelajakda bunday amaliy uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazishga kelishib olindi.

Top