Jahon | 23:33 / 21.12.2017
24919
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh assambleyasi Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olmadi

Foto: RIA Novosti / Vitaliy Belousov

BMT Bosh assambleyasi Al-Qudsning Isroil poytaxti sifatidagi maqomi bo‘yicha AQSh qarorini tan olmaslik haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyaga 128 ta davlat ovoz berdi, 9 davlat qarshi chiqdi, 35 davlat betaraf qoldi. 

Rezolyutsiyani AQSh, Isroil, Gvatemala, Honduras, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, Palau va Togo qo‘llab-quvvatlamadi.

Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, “muqaddas shahar Al-Qudsning xarakteri, maqomi va demografik tarkibini o‘zgartirishni ko‘zda tutuvchi istalgan qaror va xatti-harakatlar huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi, noqonuniy hisoblanadi va bekor qilinishi kerak bo‘ladi”.

Rezolyutsiya, shuningdek, barcha davlatlar BMT Xavfsizlik kengashining “rezolyutsiyalaridan farqlanuvchi xatti-harakatlar va choralarni tan olmasliklarini” talab qiladi.

BMTda ovoz berishdan avvalroq AQShning BMTdagi doimiy vakili Niki Heyli xalqaro tashkilotning qarori qanday bo‘lishidan qat'i nazar, AQSh Al-Qudsda elchixonasini ochishini aytgandi. 

“AQSh Al-Qudsda elchixonasini joylashtiradi. Bu bizdan Amerika xalqi istayotgan narsadir va bu to‘g‘ridir. BMTdagi hech qanday ovoz berish bunga ta'sir qilolmaydi”, deb aytgan Heyli.

Heyli ovoz berish e'tiborsiz qolmasligini aytgan. “Bu ovoz berish amerikaliklar BMTni qanday ko‘rishlariga va bizni BMTda hurmat qilmaydigan davlatlarga qarashimizga ta'sir qiladi. Biz bu ovoz berishni eslab qolamiz”, deb aytgan diplomat.

O‘z navbatida Isroilning BMTdagi vakili Danni Danon “Al-Quds hamisha Isroil poytaxti bo‘lgani va bo‘lib qolishini” aytgan. “BMT Bosh assambleyasining birorta rezolyutsiyasi bizni Al-Qudsdan siqib chiqara olmaydi”, deb aytgan diplomat BMTdagi chiqishida. 

Mavzuga oid