O‘zbekiston | 19:15 / 21.12.2017
19045
5 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchida buxanka non 650 so‘mdan sotiladi: KUN.UZ’da yoritilgan mavzu bo‘yicha javob qaytarildi

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ saytida e'lon qilingan, «Buxanka non xalqqa 1250 so‘mdan sotilmoqda: Sho‘rchida mutasaddilar jim, iqtisodchilar nima deydi?» maqolasida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilib, aniqlangan ma'lumotlar va ko‘rilgan choralar yuzasidan tahririyatimizga ma'lumot taqdim etildi.

KUN.UZ tahririyatining mazkur maqolasida qayd etilgan masalalarni o‘rganish maqsadida viloyatdagi masalaga aloqador korxona va tashkilotlar mutaxassislari — Surxondaryo viloyat hokimligi Savdo departamenti boshlig‘i o‘rinbosari R.Sadullayev, viloyat Davlat soliq boshqarmasi sho‘'ba boshlig‘i M.Ibragimov, viloyat Davlat raqobat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Bobomurodov, «Bozor» OTAJlari FM birlashmasi raisi o‘rinbosari P.To‘raqulov, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi mutaxassisi A.Boymatov, Sho‘rchi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Abdullayevdan iborat Ishchi guruhi tuzilgan va ko‘rsatib o‘tilgan holatlar joyiga borib o‘rganib chiqilgan.

KUN.UZ tahririyati maxsus muxbirlari tomonidan o‘rganishda non va non mahsulotlari (qolipli non)ning bozor hududida 1000–1250 so‘mdan sotilayotgani tahlil qilingan.

Mazkur holat Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda, tumanda mavjud 30 ming 231ta xonadonda yashovchi jami 194 ming 211 nafar aholining o‘rtacha 20 foizi qolipli non iste'mol qilsa, qolgan 80 foiz uy noniga talabi mavjudligi, ya'ni 38.842 nafar fuqaro yoki 6.046 ta xonadon bir oyda 725.520 dona  qolipli nonga yoki 362 tonna davlat narxidagi un mahsulotlariga ehtiyoji mavjud.

Sho‘rchi tumaniga davlat resurslari hisobidan qolipli non ishlab chiqarish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga o‘rtacha har oyda 53,8 tonna birinchi nav bug‘doy uni ajratilib, shundan 21,5 tonnasi aholiga, 32,3 tonnasi ijtimoiy sohaga qolipli non yetkazib berilmoqda.

Aholiga qolipli non ishlab chiqarish uchun davlat resurslari hisobidan berilayotgan un mahsulotlari 1 oylik ehtiyojni qondira olmayotganligi sababli aholining nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan oliy va birinchi nav bug‘doy unining 1 kilogramm narxi o‘rtacha 2600 so‘mdan xarid qilinib qolipli non ishlab chiqarilmoqda.

Bundan shuni ko‘rish mumkinki, 1 dona qolipli nonning narxiga 325 so‘m qo‘shilmoqda. Natijada, 1 dona qolipli nonning narxi 975 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, Sho‘rchi «Dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ hududida sotilayotgan qolipli non mahsulotlarining narxini o‘rganish maqsadida tuman Davlat soliq inspeksiyasining tegishli buyrug‘i asosida tekshirish o‘tkazilganda YaTT Mengboyev Olovuddin Pardayevich hamda YaTT Jo‘rayev Zokir Toshmuhammedovich tomonidan mahalliy 1-navli bug‘doy unidan tayyorlangan qolipli nonni aholiga belgilangan narxdan qimmat narxda ya'ni, 1000 so‘mdan sotilayotganligi holatlari aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2777-sonli qaroriga asosan soliq tekshiruvi o‘tkazilib tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shu bilan birga, qolipli non narxining sun'iy oshirilishini oldini olish, aholining qolipli nonga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Sho‘rchi «Dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ hududida «Sho‘rchidonmahsulotlari» AJning 1 ta hamda davlat resurslari hisobidan qolipli non ishlab chiqarish maqsadlari uchun un resursi ajratilib kelinayotgan «Jo‘rabek Sovjironiy» xususiy firmasining maxsus qolipli non sotish do‘koni faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qolipli nonning bir donasini 650 so‘mdan sotilishi tashkil etildi hamda qolipli nonning belgilangan narxda sotilishi yuzasidan doimiy nazorat olib boriladi.

Mavzuga oid