19:00 / 21.12.2017
17162

Vazir ayrim tumanlarda fermer xo‘jaliklari yordamga muhtoj ekanini ma'lum qildi

Foto: KUN.UZ

Yer va iqlimi boshqa hududlarga nisbatan og‘ir bo‘lgan tumanlar, masalan, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Navbahor, Qorako‘l, Farg‘ona, Hazorasp, Yangiariq kabi tumanlarda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali, ularning daromadini oshirishga qaratilgan tizim mavjud emas. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Senatining XIII​ yalpi majlisida nutq so‘zlagan Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev ma'lum qilgan, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«Bularda meliorativ holat og‘ir, yerlari sho‘rlangan, suv bilan ta'minlanganlik darajasi past, shu boisdan fermerlar takroriy ekin yetishtirish imkoniyatiga ega emas. Negaki, takroriy ekinga o‘tish uchun fermerning bank hisob raqamida ozroq mablag‘ bo‘lishi zarur, shunday sharoitda, fermer oddiy urug‘ sotib olishga ham qurbi yetmaydi. Biz ularga sharoitini yaxshilash uchun imkoniyat yaratib bermaganmiz. Yuqorida sanab o‘tilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan fermerlarning deyarli 70 foizi zararda ishlaydi», deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri.

Ma'lum qilinishicha, yangi tashkil qilingan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshida kelasi yildan boshlab, fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish markazlari ishga tushadi. Mazkur Markaz yordamida joylarda mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlab, tuman, viloyat va respublika darajasida tahlil etgan holda, ta'sirchan yechimlarni o‘ylab topish ishlari tashkillashtiriladi.

Top