O‘zbekiston | 10:40 / 22.12.2017
155858
3 daqiqa o‘qiladi

«Odamlarni haqorat qilishga kim huquq berdi? Kim?». Prezident madaniyatsiz 3 hokim haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Simpoziumlar saroyida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat qilmoqda. Marosim «O‘zbekiston 24» telekanalida jonli ravishda efirga uzatilmoqda.

«Konstitutsiyani nega o‘zgartirdik? Qish minus 14 daraja sovuq, gazi yo‘q, suvi yo‘q, tomidan chakka o‘tayapti. Kimga yoqadi bu? Nega televizorlarda ko‘rsatilayapti? Joylarda ijro organi rahbari ega bo‘lishi kerak endi. Hamma narsaga javob beradigan vaqti soati keldi. Kabinetda o‘tirish vaqti tugadi. Hamma joyda qaytarayapman – rahbarlar kabinetda o‘tirmasdan, joylarga borib xalq dardini tinglashi kerak. Quruq xonadonga kirib chiqqan bilan gazi, sveti bo‘lib qolmaydi, bolasi bolalar bog‘chasiga bora olmaydi.

2017 yilda xalq bilan muloqot qilishning yangi tizimi yaratildi deyishga asosimiz bor.

Tumanda hokim bor, rahbarlar bor, shuncha nogironlar ishsiz, qiynalganlar borligini bilmaganmi? Bilgan. Qani deputat? Qani rahbarlarning ishi?

Joylarda rahbarlarning shaxsiy javobgarligi kuchayganligini tizim ko‘rsatib berdi.

Hali odamlar o‘zgargani yo‘q. Madaniyat o‘zgargani yo‘q. Ochig‘ini aytaman, hokimlarning ham madaniyati yo‘q. Iloji yo‘q, yaqinda qonun ustuvorligini ta'minlash uchun uchta tuman hokimini jazoga tortdik.

Odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Oldingi davrlardagidek madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazadi, odamlarni haqorat qiladi. Kim ularga huquq beribdi? Hokimga kim huquq bergan birovlarni haqorat qilishga?

Bu nimadan dalolat? Madaniyatsizligimizdan dalolat! O‘qimaganimizdan dalolat! Ma'naviyatimiz pastligidan dalolat!.. Bilib qo‘yinglar, bu ahvolda birortang ertangi kun bilan ishlamaysizlar», dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev maktab direktorlarini birma-bir urgani tasvirlangan video tarqalgan va jamoatchilikning keng noroziligini keltirib chiqargandi. Keyinroq viloyat prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tekshiruv boshlagani haqida xabar berildi.

«Bosdi-bosdi» bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak»

Keyinroq, oktabr oyida Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev yig‘ilishda shahardagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgani ifodalangan audioyozuv tarqaldi. Bu holat bo‘yicha ham viloyat prokuraturasi tekshiruv boshladi.

O‘qituvchilarga maoshni hokim o‘z cho‘ntagidan to‘laydimi?

Shuningdek, Parkent hokimi ham o‘z qo‘l ostidagilarga o‘ta qo‘pol muomalada bo‘lgani tasvirlangan audioyozuvlar tarqaldi.

Prezident o‘z nutqida qaysi hokimlarni nazarda tutgani ma'lum emas.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid