Joriy yilning 11 noyabr kuni Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev o‘z raisligida o‘tgan yig‘ilishda yana odob-axloq doiralaridan chetga chiqib, uyatsiz so‘zlarni ishlatishda davom etgan va yig‘ilganlarni haqoratlagan. Bu safar Rahmatullayev yig‘ilishda o‘tirganlarni nafaqat uyatli so‘zlar bilan so‘kkan, balki majburiy mehnat va qonunda nazarda tutilmagan holat bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga undagan.
Andijon shahri hokimi «viloyat miqyosida Andijon shahri metallolomdan ancha qarz bo‘lib qolgani»ni aytgan. U shu boisdan «har bir tashkilot, jumladan maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari ham kunlik metallalom majburiyatini bajarishi kerakligi»ni ta'kidlaydi.
Bundan avvalroq «Kun.uz»da taniqli bloger va jurnalist Sanjar Said o‘zi istiqomat qilayotgan Jizzax viloyati maktablarida norasmiy ravishda «metallolom solig‘i» joriy etilgani haqida yozgandi. Shundan keyin Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirliklari hamda Jizzax viloyati hokimligiga yo‘llangan tezkor talablar bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligidan 2017 yil 9 yanvarda 03 02/1 5 226 sonli xat orqali olingan ma'lumotga ko‘ra, Jizzax viloyati va Arnasoy tumani xalq ta'limi muassasalari, shuningdek, umumiy o‘rta ta'lim maktablari rahbarlari tomonidan o‘quvchilarga metallolom, makalatura to‘plash va shunga o‘xshash masalalarda topshiriq (ko‘rsatma) berilmagani ma'lum qilingandi.
Lekin bu vaziyatda «metallolomni har qanday choralar bilan» yig‘ish topshirig‘ini shaxsan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev bermoqda.
Nahotki, metallolom masalasini hal qilish sog‘liqni saqlash, xalq ta'limi va shu kabi ijtimoiy soha vakillarining ishi bo‘lsa? Maktab direktori metallolomni qanday topishi yuzasidan ikkita aniq yechim bor: noqonuniy pul yig‘imini tashkillashtiradi yoki metallolom yig‘ish uchun barchani safarbar etadi. Aks holda, audioyozuvda aytilganidek, «shahar hokimining g‘azabi»ga uchraydi.
Demak, maktabdagi noqonuniy pul yig‘imlari qayerdan paydo bo‘lishini shahar hokimiyatining tor yo‘laklaridan qidirish kerak...
Masalaning boshqa bir jihatiga e'tibor qaratsak. Shahar hokimi nega pedagog va maktab jamoasini shaharni obodonlashtirish ishlarida qatnashishga majburlamoqda? Audioyozuvda aytilganidek, «o‘qituvchilar daraxtlarni oqlab, yerni yumshatib, axlatlarni olib ketsa bas!». Ammo soat 9:00dan hashar boshlansa, bolalarga kim ta'lim beradi?















