Jahon | 10:05 / 25.12.2017
6840
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Saudiya hukumati korrupsiyada ayblanayotganlarning 20 ga yaqinini ozod qildi

Foto: Argaam.com

Saudiya Arabistoni podshohligi so‘nggi bir necha kun mobaynida korrupsiyada ayblangan 20 ga yaqin kishini ozodlikka chiqardi. Bu haqda Amerikaning The Wall Street Journal nashri yozmoqda.

Nashr manbalarining guvohlik berishicha, so‘nggi bir hafta mobaynida ozodlikka chiqarilganlar orasida mamlakatdagi obro‘li kishilar ham bor. Xususan, sobiq moliya vaziri hamda Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi rahbariyatiga a'zolardan biri Ibrohim Abdul al Assaf shular jumlasidan. U Makkadagi masjidni kengaytirish bilan bog‘liq firibgarlikda gumon qilingan edi. 

Bundan tashqari, shahzoda Turki bin Xolid, moliya vazirining sobiq o‘rinbosari va Saudi Telecom rahbari qo‘yib yuborildi. "Ularning barchasi ozodlikka chiqdi – deya nashr saudiyalik mulozim so‘zlaridan iqtibos keltiradi. – Kamida 20 kishi ozodlikka chiqarildi, agar ko‘p bo‘lmasa". Manbaning qayd etishicha, tez orada korrupsiya bo‘yicha sud eshituvlari bo‘lib o‘tadi. 

5 noyabrga o‘tar kechasi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon yetakchiligidagi Korrupsiyaga qarshi kurash oliy qo‘mitasi Ar Riyoddagi mehmonxonaga podshoh oilasining o‘nlab a'zolari, davlat xizmatchilari va tadbirkorlarni joylashtirgan edi. Ular moliyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda hamda o‘z lavozimlarini suiiste'mol qilganlikda ayblangandi. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, 200 kishi so‘roq qilingan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid