10:29 / 28.12.2017
7154

Giyohvandlik jinoyatini sodir etgan shaxsning xatti-harakatlari jamoatchilik o‘rtasida muhokama etildi

Marat Begmatov Qibray tumanining “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Tez va oson pul topish ilinjida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urdi.

Bu nojo‘ya harakat fosh etilgach, Marat Begmatovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi bilan jinoyat ishi ochildi va uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Yaqinda Qibray tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida keng jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Marat Begmatovning xatti-harakatlari muhokama etildi.

– Bugungi kunda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, mahalla hududida har qanday huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla faollarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mahalla raisi, ularning diniy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchilari hamda xalq e'zozidagi mahalla faollarining fikri muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i Karim Raimjonov. – Jumladan, hayotda bilib-bilmay huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan yoki boshqa nojo‘ya ishga qo‘l urgan shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish ham jamoatchilik instituti faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bugungi muhokamada aholi qatlamining fikrlariga, ularning munosabatiga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Zero, fuqarolarning jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etishi kelajakda bu kabi salbiy holatlarning kamayishida muhim o‘rin tutadi.

Top