O‘zbekiston | 19:50 / 30.12.2017
65272
11 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tasnifi bo‘yicha 2017 yildagi kutilgan va kutilmagan «rokirovka»lar

2017 yil har tomonlama qiziqarli va kutilmagan voqealarga boy bo‘lishidan tashqari, ko‘plab kadrlar almashinuvisiz o‘tmadi. Kun.uz tasnifida O‘zbekistondagi eng muhim lavozimiy o‘zgarishlar havola etiladi.

Ichki ishlar, Mudofaa va boshqa sohalardagi «siljish»

3 yanvar kuni Kun.uz ishonchli manbalariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi (sobiq) Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmedboyev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi. Uning o‘rniga Jizzax viloyati IIB boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Azizov Abdusalom Abdumavlonovich O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbarligiga tayinlangandi. 4 sentabr kuni esa Abdusalom Azizov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Foto: Po‘lat Bobojonov

Shunday qilib, Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Po‘lat Bobojonov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. Mudofaa sobiq vaziri Qobul Berdiyev Qurolli Kuchlar Akademiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. Dastlabki oshkor bo‘lgan ma'lumotlarda Ahmadjon Ahmedboyev shu yilning yanvarida lavozimidan ozod etilib, prezident maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi. Ammo Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga Murojaatnomasi vaqtida sobiq Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmedboyevni xiyonatda aybladi. 

«Ahmedboyevning hamma generallari qayerda yurganini bilamizmi? Uni xiyonat qilgani uchun olib tashladim», dedi prezident.

Bundan tashqari, Oliy sud tizimida ham birmuncha «harakatlar» paydo bo‘ldi, ya'ni Xolmo‘min Buvraboyevich Yodgorov muddatsiz davrga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimiga saylandi. Shuningdek, Bahodir Akbaraliyevich Dehqonov besh yil muddatga, Baxtiyor Tursinmatovich Isakov ham o‘n yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Dekabr oyiga kelib 8 nafar sudyaning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylanishi ma'lum bo‘ldi.

Moliya-iqtisod tizimida  

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev Tashqi savdo sobiq vaziri Elyor G‘aniyev o‘rnini egalladi. G‘aniyev esa prezident devoniga sektor boshlig‘i sifatida o‘tkazilgan. Bundan tashqari, 2011 yildan buyon Iqtisodiyot vaziri sifatida ishlab kelgan Galina Saidova o‘rnini Moliya sobiq vaziri Botir Xo‘jayev egalladi. 

Foto: Jamshid Qo‘chqorov

Ayni paytda Galina Karimovna Prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda. Moliya vazirligi rahbarligiga esa Bosh vazir o‘rinbosari, Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksi rahbari Jamshid Qo‘chqorov keldi. 2017 yil yo‘qotishlaridan biri sifatida ko‘rilgan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ko‘p yillardan beri rahbarlik qilib kelayotgan Fayzullo Mullajonov 23 may kuni to‘satdan vafot etgach, ushbu lavozimda Mamarizo Nurmurodov ish boshladi. 

O‘zMTRKga kelib ketganlar 

Qariyb 12 yillik boshqaruvdan so‘ng, O‘zMTRK rahbari Alisher Xodjayev lavozimini tark etdi. Uning o‘rniga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish (sobiq) vaziri Xurshid Mirzohidov O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbariga aylandi. Vazirlikni boshqarish vazir o‘rinbosari (ayni paytda vazir) Sherzod Shermatov zimmasiga yuklatildi. 

Sherzod Shermatov
Foto: Xalqaro Press-klub

Joriy yil aprelda O‘zMTRK raisi o‘rinbosari etib tayinlangan Bobur Alixonov keyinchalik, ya'ni avgustning ilk kunlaridan boshlab kompaniya rahbari sifatida namoyon bo‘ldi. 2017 yil mart oyida Prezident matbuot xizmati (sobiq) rahbari etib tayinlangan Asadjon Xo‘jayev va O‘zMTRK (sobiq) rahbari Bobur Alixonov bir paytning o‘zida avgust oyida lavozimidan bo‘shatildi.

Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Alisher Xodjayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosarligiga tayinlangan Alisher Xodjayev yana O‘zMTRK rahbarligiga qaytdi. Komil Allamjonov esa Prezident matbuot kotibi — O‘zbekiston Prezidenti Ijro apparati rahbari o‘rinbosari etib tayinlandi. U Avtotest innovatsion avtomaktabi va boshqa loyihalar, jumladan «Soliq info» gazetasi, buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish bo‘yicha BEM dasturiy mahsuloti va boshqalar asoschisi sifatida tanilgan.

Hokimlarning faoliyatiga tanqidiy baho yoxud «yerga tushish» boshlandi

Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan Toshkent shahridagi Yunusobod, Chilonzor, Mirobod, Yashnobod, Olmazor, Uchtepa va Sergeli tumani hokimi, prokurori, bosh soliqchisi va moliyachisi ishdan olindi. Shundan so‘ng, hududlardagi rivojlanishga «to‘rtlik» a'zolari birdek mas'ul ekani alohida nazarga tushdi. Bir yil davomida deyarli barcha viloyatda kamida bittadan tuman «to‘rtligi» o‘zgardi. 

Bir vaqtning o‘zida sobiq amaldorlar xizmatida voz kechilmadi, jumladan Iqtisodiyot vaziri (sobiq) o‘rinbosari Turdiyev Dilmurod Toshkent shahri Yashnobod tumaniga hokim etib tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (sobiq) rahbari Abdusamatov Baxtiyor Hasanovich esa Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi etib tayinlangan. 2016 yildan buyon «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga rahbarlik qilib kelgan Odilxon Rustamov Shayhontohur tumaniga hokim etib tayinlangan.  Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan Davron Hidoyatov Chilonzor tumani hokimi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Turobjon Jo‘rayev

Moliya vaziri o‘rinbosari, Xalq ta'limi vaziri sifatida ishlagan (2004—2008 yy), keyinroq 2008—2011 yillarda Surxondaryo viloyatida hokim bo‘lgan Turobjon Jo‘rayev ham lavozimga qaytdi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2011 yilning kuzida uni Qashqadaryo viloyatiga hokim etib tayinlagan, 2013 yilning sentabrida esa u qattiq tanqid qilinib, ishdan olingandi. U aprel oyida Toshkent viloyatining Bekobod tumani hokimi etib tayinlandi. Oradan olti oy o‘tib,  Turobjon Ikromovich Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Toshkent hamda Jizzax viloyati hokimlari Shukrullo Boboyev va Ulug‘bek Uzoqov bir kunda lavozimidan ozod etildi. Bunga izohni Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi berdi:

«Toshkent va Jizzax viloyatlarining hokimlari Shukrullo Boboyev va Ulug‘bek Uzoqov tajribali odamlar edi. Lekin ular qo‘shib yozishni boshladi. Bir kilo bo‘lsa ham toza qil degandim. Gdlyan, Ivanovlar kerak emas. Men yerni tagida ilon qimirlasa bilaman». 

Ayni paytda Jizzax viloyatiga Ergash Soliyev rahbarlik qilmoqda. Shukrullo Boboyev o‘rniga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 

Vazirliklardagi tebranish

Islohotchi prezidentning bunday qarori barcha yoshlarni ruhlantirib yubordi. Zero, 30 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev endigina institutni tamomlagan Alisher Sa'dullayevni Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari etib tayinladi. Shuningdek, 25 yoshli olim Olimjon To‘ychiyev Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. 

Yangi tashkil etilgan Maktabgacha ta'lim vazirligiga bungacha Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori lavozimida ishlagan Agrepina Shin vazir etib tayinlandi. 2017 yilda yana bir tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligiga prof. doktor, TWAS akademigi Ibrohim Abduraxmonov rahbar etib tayinlandi. Aprel oyida Prezident farmoniga ko‘ra tashkil qilingan Uy-joy kommunal xizmatlar vazirligi birinchi vaziri E.Iskandarov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Keyinchalik, Muzaffar Holdorboyevich Soliyev O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmatlar vaziri etib tayinlandi.

2012 yildan buyon O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Sayfullayevich Sayfullayev esa qaytadan tashkil etilgan Madaniyat vazirligiga rahbar etib tayinlandi. Bundan avval, 24 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri direktori Mahmud Murodov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri etib tayinlangandi.

Baxtiyor Sayfullayevich Sayfullayev
Foto: Madaniyat vazirligi

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bu paytgacha O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (sobiq) bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Aktam Hayitov rahbari etib tayinlandi. Bandlik va mehnat munosabatlari (sobiq) vaziri esa Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. 2015 yil boshidan buyon Muzraf Ikromov rahbarlik qilgan Adliya vazirligiga 2017 yil yanvarigacha Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ruslan Davletov vazir etib tayinlandi. 

Bu hali hammasi emas, 22 dekabr kuni davlat rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi sobiq vazir va sobiq boshqarma boshlig‘ining ish uslubini jiddiy tanqid qilgan edi. Ushbu so‘zlardan bir kun o‘tib, sobiq Moliya vaziri (Rustam Azimov - tahr.) va Xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i panohida bo‘lgan va hanuzgacha tizimda ishlab kelayotgan, moliya tizimining nomiga dog‘ tushirayotgan xodimlarni haydash yuzasidan hududiy rahbarlarga qat'iy topshiriqlar berilgan. 

Shundan so‘ng, Moliya vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan joylardagi moliya idoralaridan  273 nafar (23 nafari rahbar xodim), G‘aznachilik idoralaridan 65 nafar (12 nafari rahbar xodim), Pensiya jamg‘armasidan 100 nafar (1 nafari rahbar xodim), Davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari xodimlaridan 100 nafari (4 nafari rahbar xodim) jami moliya tizimi bo‘yicha 562 nafar davlat idorasi nomiga dog‘ tushirgan xodimlar o‘z lavozimidan ozod etildi. 

Shavkat Mirziyoyev ushbu Murojaatnomani o‘qib eshitirarkan, kelgusi yilda ham lavozimdan bo‘shatishlar kam bo‘lmasligini alohida ta'kidlagan. Chunonchi, O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxona rahbarlariga alohida topshiriq bergan.

Mavzuga oid