O‘zbekiston | 14:00 / 02.01.2018
13832
11 daqiqa o‘qiladi

Huquqiy tarbiyani takomillashtirishning davri kelmadimikan?

Inson tug‘ilgandan to umrining oxiriga qadar huquqiy munosabatlar ishtirokchisi bo‘ladi: uyingizdan chiqib, avtobusga o‘tirasiz, bu sizning transport korxonasi bilan og‘zaki shakldagi yo‘lovchi tashish shartnomasi tuzganligingizni angatadi. Shartnomaga ko‘ra, korxona sizni muayyan manzilga olib borib qo‘yish, siz esa yo‘l kira haqini to‘lash majburiyatini olasiz.

Yo aytaylik, do‘konga kirib, xarid qildingiz. Bu oldi-sotdi shartnomasi. Unga asosan savdo tashkiloti sizga tegishli sifat va miqdordagi tovarni berish, siz uning haqini to‘lash majburiyatini olasiz.

Ishga keldingiz. Siz mehnat munosabtlariga ishtirokchisiga aylanasiz. Xodim sifatida bir talay huquq va majburiyatlarga ega bo‘lasiz. Ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishasiz.

Uyga qaytasiz. Ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tasiz. Harakat xavfsizligi noziri sizni ma'muriy javobgarlikka tortadi. Siz — ma'muriy-huquqiy munosabatlar ishtirokchisi. Uyga kelasiz. Er-xotin, ota-ona yoki farzand sifatida oila huquqiy munosatlari ishtirokchisisiz...

Demak, inson hayoti davomida yuridik va jismoniy shaxslar bilan son-sanoqsiz shartnomalar tuzadi, huquqiy munosabatlarga kirishadi va albatta, shartnoma tarafi, huquqiy munosabatlar ishtirokchisi sifatida muayyan huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.

O‘z huquqlarini yaxshi bilmaslik, tushunmaslik kishini o‘ziga qonun tomonidan berilgan imkoniyat va erkinliklardan lozim darajada foydalana olmasligiga olib kelishi bilan birga, haq-huquqlari boshqalar tomonidan buzilganda ularni himoya qilish va tiklash imkonini yo‘qqa chiqaradi. Qonun talabini tushunmaslik oqibatida o‘z shartnomaviy va qonun bilan yuklatilgan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik kishini umri davomida ko‘p bora moddiy, intizomiy, ma'muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortilishiga, o‘zgalarning huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qonunni bilmaslik shaxsni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shu ma'noda qonunni bilmaslik, huquqiy ongning, saviyaning pastligi insonning poyiga solingan tushov, zanjirga o‘xshab ketadi. Tushovlangan shaxs erkin, ozod yurolmagani, harakatlana olmaganligi, o‘zini tashqi xavflardan yetarlicha himoya qilolmaganligi kabi huquqiy ongning pastligi kishining huquq va erkinliklarining ro‘yobga chiqarish, majburiyatlarini ado etishiga imkon bermaydi. Bunday shaxs hayotda umr bo‘yi pand yeb yuradi.

Huquqiy savodsizligi uni qonuniy manfaatlari va huquqlaridan yetarlicha foydalana olmasligiga, boshqa shaxslar bilan huquqiy munosabatlarda «yutqazib» qo‘yishiga, huquqi buzilganda esa ularni himoya qilolmasdan sarson-sargardon yurishiga sabab bo‘ladi.

Birgina misol: Bir tanishim oylik maoshilarini yig‘ib, yaxshigina pulga do‘kondan rangli televizor sotib olibdi. Oradan ikki kun o‘tib, televizor ishlamay qolibdi. Tanishim televizorni ko‘tarib, do‘konga boribdi. Ammo sotuvchi «biz sizga televizorni tekshirib, o‘zingizga ko‘rsatib, soz holatda bergan edik. O‘zingiz undan noto‘g‘ri foydalanganliklaring oqibatida buzilgan», deya noumid qaytaribdi. Yigit arz qilib, do‘kon mudirining oldiga kiribdi. Ammo u ham «yordam qilolmayman» debdi. Chorasiz qolgan bechora tanishim yangi televizorni ustaga topshiribdi. Usta kattagana haq evaziga televizorni ta'mirlab beribdi.

Holbuki, Fuqarolik Kodeksining 434-moddasida va «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasida keltirilganki, nuqsonli tovar sotilgan iste'molchi o‘z xohishiga qarab kafolat muddati mobaynida (kafolat muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha 6 oy davomida) quyidagilardan birini talab qilishga haqli: tovarni ayni shunday markali maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarni boshqa markali shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishlicha qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste'molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

Iste'molchining talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatni taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqiladi. Iste'molchining qonun hujjatlarining ushbu talabini bilmasligi uning kattagina pulga kuyishiga, behuda ovoragarchiliklariga, keraksiz asabbuzarliklariga sabab bo‘lgan.

Boshqa bir tadbirkor do‘stimiz «Suvsoz» korxonasi tomonidan suvdan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun asossiz ravishda jarimaga tortilgan. Qarordan norozi tadbirkor uning ustidan «suvsoz»ning yuqori tashkilotiga, tuman hokimiyatiga, gazeta tahririyatilariga shikoyat qilgan. Foydasi bo‘lmagach, hali ishini boshlamasdan turib, kattagina jarimani to‘lashga majbur bo‘lgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi va Xo‘jalik protsessual kodeksining 1-moddalariga muvofiq shaxsning sud orqali himoyalanish huquqi kafolatlangan bo‘lib, unga ko‘ra har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. Tadbirkorning buzilgan huquqlarini sud orqali himoya qilish qoidalarini bilmasligi unga qimmatga tushgan — mablag‘ini ko‘kka sovurgan, asabini yo‘qotgan, ko‘ngli ishdan sovugan.

Bu kabi holatlar har bir kishining faoliyatida ko‘p bora uchrashini hisobga olganda, huquqiy bilimlarning inson hayotida qanchalik muhim o‘rin tutishini tasavvur etish qiyin emas.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Ishni nimadan boshlash lozim?

Xalqimizda «tarbiya beshikdan boshlanadi», degan naql bor. Bu, albatta, huquqiy tarbiyaga ham taalluqli. Bolalarning ongiga go‘dakligidanoq nima mumkin, nima mumkin emas, nima yaxshiyu, nima yomonligini asta-sekinlik bilan singdirib borish lozim.

Birovning narsasini so‘ramasdan olish, ko‘chaga, toza joyga axlat tashash, tabiatni ifloslantirish, yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tish, to‘siqlar ustidan oshib o‘tish, svetoforning qizil chirog‘ida o‘tish, o‘simliklarni payhon qilish, bog‘chaga, maktabga kechikish, o‘zgalarni xafa qilish, so‘kinish, kechki payt yolg‘iz yurish, ruxsatsiz ko‘chaga chiqish, telefonda uzoq so‘zlashish, kompyuterda uzoq o‘tirish, vaqtni behuda sarflash, kitob o‘qimaslik, kattalarning so‘ziga kirmaslik va h.k. amallar yomon ekanligini, ularni qilish mumkin emasligini shuuriga singdirib borishimiz darkor. Bolajonlar ertalab yuz-qo‘llarini yuvgani kabi bu amallarni bajarish ham hayotiy ehtiyojlariga aylanib qolsin.

Buning uchun har joyda — uyda, bog‘chada, maktabda, mehmonda; har doim — choy ustida, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish paytida, dars va ish jarayonlarida, dam olish paytida; har qanday vositalarda — darsliklar, adabiyotlar, ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, multfilmlar, kino, teatr va boshqa ommaviy tadbirlardan unumli foydalanish, huquqiy tarbiyani tarbiyaning boshqa shakllari bilan qo‘shib olib borish taqozo etiladi.

Misol uchun multfilmlarni jon-dili bilan tomasha qilmaydigan bola topilmasa kerak. Demak, undan bolalarni huquqiy tarbiyalash vositasi sifatida foydalanish katta samara berishi turgan gap. Aytaylik, multfilm qahramoni bo‘lgan bola maktabga keta turib, sho‘xlik qilib, svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tadi va avtohalokatga sababchi bo‘ladi... Boshqa bir bola esa chaqqan pistalari po‘chog‘ini ko‘chaga tashlaydi. Buni ko‘rib qolgan otaxon bolani uyaltiradi...

Shu maqsadda o‘quv dasturlari, darsliklar, adabiyotlar, qo‘llanmalar huquqiy tarbiya ruhida qayta ishlab chiqilishi, televideniye, gazeta va jurnallar va boshqa nashrlar shunga moslashtirilmog‘i lozim.

Amaldagi maktab o‘quv dasturiga ko‘ra o‘quvchilarga huquq asoslari fani uchun juda kam soat ajratilgan. Haftasiga bir soatlik dars jarayonida bolaning huquqiy bilim asoslarini o‘rganib olishi juda qiyin. Bu soatni ko‘tarish bilan birga qo‘shimcha darslarni, amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish ham yaxshigina samara beradi.

Masalaning boshqa yechimlari ham bor: aytaylik, amaldagi o‘quv dasturiga ko‘ra, matematika fani uchun haftasiga 5-6 soat berilgan. Sinfda 30 bola bo‘lsa, shulardan ko‘pi bilan o‘n nafari matematikani o‘zlashtirishi mumkin. Qolgan 20 bola matematikani to‘la tushunmaydi. 4–5 sinflarda bola harakat qilsa, matematikani o‘zlashtirib olsa bo‘ladi.

Ammo boshlang‘ich sinfda bu fanni o‘zlashtirmagan bolani 8–9 sinflarda qiynashdan nima foyda. Bir o‘zgaruvchi tenglamani yoki kvadrat tenglamani yoki oddiygina karra jadvalini bilmagan bolaga trigonometriyani uqtirish mumkinmi? Matematikaga tushunmagan bola geometriyani, fizikani, kimyoni ham o‘zlashtira olmaydi. Bu fanlar ham katta sinflarda har kuni borligini hisobga olsak, 20 nafar o‘quvchi har kuni 2–3 soat bu darslarda bekorga o‘tirishga majbur bo‘ladi.

Balki, matematikani yaxshi o‘zlashtirgan 10 bola bilan alohida kuchaytirilgan dastur asosida shug‘ullanib, qolgan 20 nafariga matematika, fizika, kimyodan darslarni qisqartirib, ularning qiziqishiga qarab, mehnat, jismoniy tarbiya va huquq asoslari fani darslarini ko‘paytirish ko‘proq samara berar. Buni bir necha hududlarda tajribadan o‘tkazib ko‘rish lozim.

Bizningcha, «Yoshlar o‘rtasida huquqiy tarbiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish, bu sohaga oid Davlat dasturini ishlab chiqish davr talabiga aylandi.

Bu hujjatlar qayd etilgan muammolar bilan birga kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning jismonan sog‘lom, qalban pok va aqlan teran bo‘lib yetishishlari, ma'naviy, madaniy immunitetlari mustahkamlanishi, turfa xil yot va xatarli oqimlarga og‘masliklari, «internet», «telefon» kasalliklariga chalinmasliklari, va aksincha, mustaqillik, ezgulik, adolat, iymon, insof, halollik, qonunlarga hurmat g‘oyalariga sadoqat ruhida kamol topishlari, komil insonlar bo‘lib yetishishlari uchun huquqiy zamin bo‘lmog‘i lozim.

Komil Sindarov,

yuridik fanlari doktori

UzA Shokirjonov Shuhrat
Tayyorlagan UzA Shokirjonov Shuhrat
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid