2009 yilgi nizoli prezidentlik saylovidan so‘ng, ayni paytda Eron diyorini eng yirik xalq namoyishi qamrab olgan. Dastlabki harakatlar Eronning ikkinchi katta shahri Mashhadda kuzatildi. Biroz fursat o‘tishi bilan, bir nechta shaharlarda minglab kishilar ko‘cha namoyishlariga chiqishga qaror qildi.

31 dekabr kuni hukumat Eron hududida xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘ydi, sayohatlarni cheklash hamda ayrim aholi yashash manzillarida favqulodda holat e'lon qildi. Fars News yarim davlat axborot agentligi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, shu paytgacha 20dan ortiq kishi namoyishlar chog‘ida halok bo‘ldi.

Norozilik namoyishi qay tarzda boshlandi? Birinchi talqin

Mashhad shahrida istiqomat qiluvchi aholi orasida 2017 yil o‘tkazilgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbariga mag‘lub bo‘lgan nomzod Ibrohim Raisiy tarafdorlari ko‘plab topiladi. Nisbatan konservativ qarashga ega bo‘lgan mashhadliklar teokratik hokimiyatni egallab turgan amaldorlarning faoliyatidan norozi bo‘lib, namoyishlarga chiqa boshlagan. Erondagi ikkinchi eng yirik shahardagi harakatlarning changi tez orada qo‘shni tuman va viloyatlarga ham yoyildi.

Foto: AP

Tuxum mojarosi yoki Ikkinchi talqin

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama bilan 2015 yil erishilgan yadro dasturi bo‘yicha bitim Eron iqtisodiyotiga yengil shabbodani olib kirishi kutilgandi. Neftni erkin sotish imkoniyati paydo bo‘lganiga qaramasdan, mamlakatda milliy valyuta qadri keskin tushib ketdi. Iqtisodiy tushkunlik eng avvalo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida aks etdi. Masalan, parranda tuxumi qariyb ikki baravar qimmatlashib ketgan. Bunday vaziyatda namoyishchilar xorijiy mamlakatlardagi harbiy harakatlarni dastaklab turgan hukumat rahbari, AQSh bilan munosabati sovuqlashib qolgan prezidentni qoralashni boshladi.

Foto: AFP

Namoyish kimning rejasi asosida boshlandi?

Shu paytga qadar xalq harakatining alohida yetakchisi ajralib chiqmadi. Shunga qaramasdan, stixiyali olib borilayotgan namoyishlarning boshida bir qancha yetakchilar turganini taxmin qilish mumkin. Ular kim? Avvalo, Telegram messenjeri orqali targ‘ibotni kuchaytirib, xalq qo‘zg‘alishiga sababchi bo‘lgan quvg‘indagi jurnalist Ruhulloh Zamni alohida e'tirof etish kerak.