Jamiyat | 17:25 / 04.01.2018
13029
2 daqiqa o‘qiladi

Qur'on musobaqasining Toshkent shahri bosqichlari bo‘yicha ma'lumot berildi

2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 18 yoshdan – 40 yoshgacha (tug‘ilgan yili – 1978y. dan – 2000y. gacha) bo‘lganlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 3 bosqichdagi Qur'on musobaqasi o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati saytida ma'lum qilinishicha, qorilar musobaqasida Qur'oni karim qiroati bo‘yicha iqtidori bo‘lgan 18-40 yoshdagi barcha erkagu ayol ishtirok etishi mumkin.

Musobaqa ikki yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi: hifz va tilovat. Hifz yo‘nalishida Qur'oni karimni to‘la yod olgan qori va qoriyalar, tilovat yo‘nalishida esa Qur'onni go‘zal tarzda tilovat qila oladigan fuqarolar ishtirok etadi.

Ishtirokchilar yoshga ko‘ra ikkiga taqsimlanadi:
18‒25 yoshdagi ishtirokchilar;
25‒40 yoshdagi ishtirokchilar.

Toshkent shahri bo‘yicha ishtirokchilarni ro‘yxatga 2018 yilning 4 yanvaridan boshlab 13 yanvarigacha soat 10-00dan 19-00gacha “Minor” jome masjidida amalga oshiriladi (mas'ul: Murodjon Kabirov Tel.: +998712351733, +998974206264, +998949320022).

Ishtirokchilardan talab etiladigan hujjatlar:

  1. Toshkent shahrida musobaqada ishtirok etmoqchi bo‘lgan fuqarolar Toshkent shahrida doimiy propiskada bo‘lishlari shart;
  2. Pasport nusxasi;
  3. Surat 4 dona (3.5*4.5 shaklda, oq fonda).

Birinchi bosqich - tuman bosqichi g‘oliblari shahar bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi. Shaharda birinchilikni qo‘lga kiritganlar respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.

Musobaqa birinchi bosqichining o‘tkazilish joylari keyinroq e'lon qilinadi.

Mavzuga oid