09:20 / 04.01.2018
4472

Tramp prezidentligi vaqtida AQSh oxirgi 15 yil ichida eng kam sonda qochqinlarni qabul qildi – OAV

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp vaqtida AQShda 29022 qochqin qabul qilindi. Bu esa oxirgi 15 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda davlat departamenti ma'lumotlariga asoslanib USA Today nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, oxirgi marta bunday kam sondagi qochqin 2002 yilda qabul qilingan. O‘shanda 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyin qochqinlar qabul qilinishi ancha qisqargan.

“Jorj Bush va Barak Obama prezidentligi vaqtida qochqinlarni qabul qilishga kvotalar yiliga 70-80 ming kishi atrofida bo‘lgan. 2016 yilda o‘z davlatlarida siyosiy, milliy, diniy va boshqa sabablarga ko‘ra tahqirlanadigan kishilarga mo‘ljallangan bu dastur bo‘yicha 94,8 ming kishi qabul qilingan”, deyilgan xabarda.

Nashrning eslatishicha, Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq AQShning immigratsiya siyosatini qat'iylashtirishga va'da bergan. Trampning ta'kidlashicha, mamlakatga qochqinlar ko‘rinishida terrorchilar kirib olishi mumkin. Oktyabrda Tramp 2018 moliyaviy yilda eng ko‘pi bilan 45 ming qochqinni qabul qilishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan.

Nashrning ta'kidlashicha, bu farmon bilan 11 ta davlat – Misr, Eron, Iroq, Liviya, Mali, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Janubiy Sudan, Suriya va Yaman fuqarolari qochqinchlar dasturi bo‘yicha AQShga ko‘chib o‘tish imkoniyatidan deyarli mahrum etildilar. 

“Bu davlatlar fuqarolari AQShda 2017 yilda qabul qilingan qochqinlarning 44 foizini tashkil qiladi”, deyilgan nashrda.

Top