Sport | 15:30 / 05.01.2018
13257
9 daqiqa o‘qiladi

Uik-end anonsi. Ispaniyada qadimiy derbi, Angliyada kubok bahslari

Qisqa tanaffusdan so‘ng bugundan Ispaniya va Italiya chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. Angliya Premer Ligasi bu hafta dam olsa-da, ingliz klublarida bunday imkoniyat yo‘q, Angliya kubogining 3-bosqichi start oladi. Futbol bor ekan, «Tribuna.uz» umuman dam olmaydi va e'tiboringizga haftaning e'tiborga molik to‘qnashuvlarini havola qiladi.

FIOReNTINA – INTeR (5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Foto: Getty Images

Agar kimgadir ta'til kerak bo‘lsa, avvalo, «Inter»ni tilga olish to‘g‘ri bo‘lardi. Dekabrning boshida Skudetto uchun eng asosiy va eng jiddiy nomzod bo‘lib turgan milanliklar qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozona olishmadi va endi, peshqadamdan 7 ochko ortda qolishmoqda. Bu orada Italiya kubogida «Milan»dan og‘riqli mag‘lubiyat qabul qilindi. Xullas, oradagi bir hafta tanaffus jamoaning ijobiy natijalar relsiga tushib olishi uchun ayni muddao bo‘lishi kerak.

Raqib esa, anoyi emas, «Fiorentina» ushbu mavsumda liganing eng beqaror klubi sifatida namoyon bo‘layotgan bo‘lsa-da, bu florentsiyaliklarni yanada xavfli qiladi. Birinchi davradagi o‘yinda milanliklar yirik hisobda g‘alaba qozongandi, ammo bu o‘rinda aprel oyida shu stadionda bo‘lib o‘tgan o‘yinni yodga olish to‘g‘riroq – o‘shanda mezbonlar 5:4 hisobidagi g‘alabaga erishgan. Umuman olganda, «Fiorentina» uch yildan beri «Inter»ni o‘z maydonida yengib kelmoqda.

Mag‘lubiyat «Inter»ni «Napoli»dan ikki raqamdan iborat songa ortda qoldirib ketadi. Ortdan kelayotgan «Roma» va «Latsio» Spaletti jamoasi bilan deyarli bir xil ko‘rsatkichda ekanliklarini e'tiborga olsak, hatto Chempionlar ligasi yo‘llanmasi ham xavf ostida qoladi. «Inter»ning g‘alaba qozonmaslikka haqqi yo‘q. 

LIVeRPUL – EVeRTON (5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi, 00:55)

Foto: Twitter

Angliya kubogida uchinchi bosqich o‘yinlari bugun boshlanadi. Odatga ko‘ra, aynan shu bosqichdan Premer Liga klublari ham musobaqaga qatnashishlari e'tiborimizni ushbu musobaqaga ham qaratishimizga sababdir. Ko‘r qur'a ilk boskchiqdayoq Liverpul derbisini taqdim etdi.

Top-6 dagi boshqa klublar asosan qo‘yi liga vakillariga qarshi maydonga tushayotganliklarini e'tiborga olsak, bu raqib Yurgen Kloppga yoqmasligi tabiiy. Ammo tan olish kerakki, liverpulliklar APLdagi o‘rtamiyona jamoalar bilan qanday o‘ynashni o‘rganib oldi va ayniqsa, so‘nggi turlarda ketma ket uch o‘yinda g‘alaba qozonib, 2-o‘rin bilan farqni 3 ochkogacha qisqartirdi.

Jamoalarning «Enfild»dagi APL uchrashuvida tomonlar durangga imzo chekishgandi. Salohning goliga o‘yin tugashiga sanoqli daqiqalar qolganda Ueyn Runi penaltidan javob bergandi.

1999 yildan buyon «Everton» «Enfild»da g‘alaba qozona olmayapti. Ammo bu stadiondagi so‘nggi 10 uchrashuvning 5 tasida durang qayd etilganini ham ta'kidlash joiz.

SeVILYa – BeTIS (6 yanvardan 7 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Foto: Getty Images

Agar qandaydir turnir maqsadlari-yu, strategiyalardan holi, haqiqiy futbol kurashini tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, bu o‘yinni o‘tkazib yubormang.

Ispaniya chempionatining eng qadimiy derbilaridan biri – salkam 110 yilga boradigan Andalusiya derbisi ishtirokchilari uchun hech qanday turnir motivatsiyasining keragi ham yo‘q. Hisob qanday bo‘lishidan qat'i nazar, jamoalar tarkibi va saviyasidagi farqqa qaramay, bu o‘yinda maydonning har nuqtasi kurashlarga boy bo‘ladi.

«Sevilya» YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda «Valensiya» va «Real»ni ta'qib qilmoqda, ammo hozircha muvaffaqiyatsiz. Jamoa so‘nggi 3 o‘yinda g‘alaba qozona olmadi, ayniqsa, Madriddagi yirik mag‘lubiyat og‘riqli bo‘ldi. O‘z navbatida, mavasumni yaxshi boshlagan «Betis» so‘nggi 7 o‘yinda atigi 1 g‘alaba qozondi va xavfli zonaga yaqinlashib qoldi.

Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi besh o‘yinda «Sevilya» g‘alaba qozonganini alohida e'tirof etish kerak.

BARSeLONA – LeVANTe (7 yanvar, 20:15)

Foto: Barselona

Matbuot butun yoz-u kuz, mana qish boshlandi hamki, «Barselona»ning transfer rejalari, xususan Koutino haqida yozmoqda. Valverde esa, xotirjam tarzda, ixtiyoridagi futbolchilar bilan muntazam ochko to‘plash va maqsad sari odimlashda davom etmoqda. Doim «Barselona»ga nimadir yetishmayotgani haqida yozayotganimizda, balki ertaga, yana bir yengilmas jamoa paydo bo‘lib qolganini bilmay ham qolarmiz.

Ispaniya kubogi bahsiga Messi, Suares kabi yetakchi futbolchilarini olib bormay, «Selta» bilan durang o‘ynagan «Barselona» ushbu o‘yinga juda yaxshi sport formasida kirib kelishi kutilmoqda. Koutinoni tilga olmay tursak ham, jamoa yanvarda yuz millionlik bir transferni amalga oshirib bo‘ldi, deb aytish mumkin. Zero yozda katta pulga sotib olingan va ikki o‘yindan keyin og‘ir jarohat olib safdan chiqqan Usmon Dembele tiklanib, hatto Vigodagi o‘yinda maydonga tushib ham ulgurdi.

Shu paytgacha biz ko‘rgan «Barselona» Valverde qurayotgan jamoamidi yoki Dembelening qaytishi bilan bu yo‘nalishda dadil qadamlar tashlanadimi, bu savollarga javob topish uchun «Levante» juda yaxshi mashg‘ulot.

SeLTA – ReAL (7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Foto: Getty Images

Jamoalar o‘rtasidagi La Li ga doirasidagi so‘nggi 7 o‘yinda «Real» g‘alaba qozongan, bu g‘alabalarning 4tasi yirik hisobda va hatto 7:1 natijasi ham qayd etilgan.

Ammo «Selta» grandlarni chalishga juda usta ekanini, jumladan, o‘tgan yilning yanvarida aynan «Selta» madridliklarni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Qirollik kubogidan chiqarib yuborganini e'tiborga olsak, Zidan shogirdlari uchun oddiy safar bo‘lmaydi.

Buning ustiga «Selta» kechagina bu stadionda «Barselona»ni qabul qildi va yutqazmadi.

Ispaniya chempionati jadvali o‘rtalari shunchalik tig‘izki, hozirda 21 ochko to‘plab turgan «Selta» bir g‘alaba bilan 7-o‘ringa chiqib ketishi yoki bir mag‘lubiyat bilan 15-o‘ringa tushib ketishi mumkin. Bunday vaziyatda rejadan tashqari ochkolar mezbonlar uchun ayni muddao.

Barselonaliklar nihoyat Dembeleni ko‘rish uchun navbatdagi o‘yinni sabrsizlik bilan kutishayotgan bo‘lsa, «Real» muxlislarining ham orzulari ushalib turibdi. Karim Benzema kichik jarohat oldi va 2-3 o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Bu davrda muxlislar Benzemasiz «Real»ni ko‘rib, xulosa chiqarishlari mumkin. Fransiyalik hujumchi rostanam «Real»ga kerakmi yoki yo‘qmi?

Boshqa o‘yinlar:

Angliya kubogi:

«Manchester Yunayted» – «Derbi» (5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi 01:00)

6 yanvar: «Manchester Siti» – «Byornli» (20:00), «Norvich» – «Chelsi» (22:30)

7 yanvar: «Tottenhem» – «Uimbldon» (20:00), «Nottingem Forest» – «Arsenal» (21:00)

Italiya A Seriya:

6 yanvar: «Milan» – «Krotone» (19:00), «Napoli» – «Verona» (19:00), «Roma» – «Atalanta» (22:00), «Kalyari» – «Yuventus» (6 yanvardan 7 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Ispaniya La Ligasi

6 yanvar: «Atletiko» – «Xetafe» (17:00), «Valensiya» – «Jirona» (20:15).

Muhammadjon Ganiyev
Tayyorlagan Muhammadjon Ganiyev
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid