AQSh Eron bo‘yicha yadroviy kelishuvni o‘zgartirmoqchi

Foto: Reuters
AQSh ma'muriyati Donald Trampning va'dasini bajarib, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha harakatlar rejasiga o‘zgartirishlar kiritmoqchi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Associated Press axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Prezident harakatlar rejasini o‘zgartirishi yoki umuman bekor qilishini aytgan. Hozir biz uning va'dasini bajarib, rejani to‘g‘rilamoqchimiz”, deb aytgan Tillerson.
Tillersonning tushuntirishicha, Tramp ma'muriyati kongressning qonunchilik masalalari bo‘yicha a'zolari bilan AQShni Eron yadroviy dasturida qoldirish bo‘yicha ishlamoqda. Tillersonning ta'kidlashicha, buning uchun zarur bo‘lgan o‘zgartirishlar mamlakat qonunchiligiga keyingi haftada kiritiladi.
Davlat kotibining ta'kidlashicha, Oq uy ma'muriyati vakillari kongress yetakchilari bilan kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha juda faol maslahatlashuvlar olib bormoqdalar. Biroq Tillerson oldindan biror narsani aytishni istamasligini aytgan.
2017 yilning oktabrida Tramp Eron tomondan harakatlar rejasi bajarilganini tasdiqlashdan bosh tortgan.
Vashingtonning bu masalada yondashuvi shundan iboratki, avval AQShning harakatlar rejasiga amal qilishini tartibga soluvchi qonunchilikni o‘zgartirib, so‘ngra Yevropadagi ittifoqdoshlar bilan kelishuvdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish kerak. Tramp, jumladan, kelishuvda Tehronning ballistik raketalar sinovi o‘tkazishi bo‘yicha cheklov yo‘qligidan norozilik bildirmoqda.
Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuv Venada 2015 yil yozida imzolangan. Uning ishtirokchilari Eron, AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya hisoblanadi. Harakatlar rejasi sanksiyalar bekor qilinishi evaziga Eronning qurol plutoniysi ishlab chiqarishdan voz kechishi va boyitilgan uran hajmini kamaytirishini ko‘zda tutadi.
Tehron kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajargandan keyin AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Eronga qarshi yadroviy qurol yaratishi bilan bog‘liq holda kiritilgan sanksiyalarni bekor qilgan. Biroq ko‘plab, misol uchun, ballistik raketalar bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolgan.
Mavzuga oid

00:45
Kreml AQShni «katta bitim»ga jalb qilib, Trampni qiziqtiradigan takliflarni qidirmoqda - OAV

23:00 / 21.04.2025
Tehron, Moskva va Rimdagi muzokaralar: Eron yadro dasturi bo‘yicha bitim asoslari chizilmoqda

22:13 / 21.04.2025
Tramp: AQSh va Eron yaxshi muzokaralar o‘tkazdi

19:11 / 21.04.2025