Jahon | 09:09 / 06.01.2018
11304
3 daqiqa o‘qiladi

Google’ning bosh qarorgohidan haftasiga yuzlab bepul velosipedlar g‘oyib bo‘ladi

Foto: The Wall Street Journal 

Google’ning Kaliforniyadagi bosh qarorgohidagi xodimlar ixtiyorida taxminan 1100 ta bepul velosiped – Gbike bor. Ular bu velosipedlardan bosh qarorgoh hududi bo‘ylab harakatlanishda foydalanishlari mumkin. Biroq kompaniyaning hisob-kitobiga ko‘ra, kampusdan har hafta 100 tadan 250 tagacha velosiped yo‘qolar ekan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar bermoqda. 

Bu yo‘qolgan velosipedlar keyinchalik mahalliy maktablar, o‘tloqlar, bar yaqinlarida topilar ekan. Hattoki bunday bir velosiped Garnier kosmetik brendining reklamasida payqalgan.

Google bosh qarorgohi joylashgan Mauntin-Vyuda 80 ming kishi yashaydi. Ulardan 20 mingi Google’da ishlaydi va politsiyada kompaniya velosipedida ketayotgan har bir odamni tekshirish imkoni yo‘q. Mahalliy aholining ta'kidlashicha, Google aholi bu velosipedlardan foydalanishiga qarshi emas.

Misol uchun, Google’ning raqobatchisi Oracle’ning 68 yoshli xodimasi Sheron Uich bu velosipedlardan ishiga yetib olishda foydalanadi. “Albatta, Google biz bu velosipedlardan foydalanishimizni uncha xohlamaydi. Biroq bunda hech qanday qo‘rqinchli narsa yo‘q”, deb aytgan ayol. Shuningdek, shaharcha meri Ken Rozenberg ham bir marta Google qarorgohidagi uchrashuvdan keyin kinoteatrga yetib olish uchun bu velosipedlarning biridan foydalanganini tan olgan.

Nashrning ma'lum qilishicha, bunday velosipedlarning bir donasi 100 dollardan 300 dollargacha turadi va ularning yo‘qolishi kompaniyaga uncha katta zarar yetkazmaydi.

Biroq 2017 yilda Google velosipedlarning bir qismini GPS-trekerlar bilan jihozlab, ulardan ba'zilari Meksika va Alyaskagacha yetib borganini aniqlagan. Korporatsiya hattoki yon-atrofni aylanib, har joyda qoldirib ketilgan velosipedlarni yig‘ib yuradigan 30 nafar xodim yollagan. Kompaniya shuningdek velosipedlarni mobil dastur orqali qulflar yordamida bloklash imkoniyatini sinovdan o‘tkazmoqda.

Gbike velosipedlari Sport majmuasi tomida. Foto: The Wall Street Journal 

 

Mavzuga oid

E`lonlar