Jamiyat | 11:10 / 09.01.2018
85729
3 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi mudhish qotillikni sodir etishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida o‘tgan yilning 30 dekabr kunida bir oilaning 4 vakili, jumladan 2 go‘dakni o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxs ushlandi. Andijon viloyati IIB matbuot xizmati «Kun.uz»ga Xo‘jaobod tumanida sodir etilgan mudhish qotillik bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 6 yanvar kuni soat 10:20larda, Xo‘jaobod tumanida yashagan fuqaro F.A.ning xonadonida yong‘in sodir bo‘lgani haqida uning ukasi fuqaro Q.Q. ichki ishlar idorasiga xabar qilgan. Bunga javoban voqea joyiga tezkor-tergov guruhi a'zolari yetib borgan.

Xonadon ko‘zdan kechirilganida, fuqaro F.A bilan birga istiqomat qilgan, 1995 yilda tug‘ilgan singlisi Q.N., fuqaro F.A.ning 2010 yilda tug‘ilgan qizi I.G hamda 6 oylik o‘g‘li I.M. tig‘li jism bilan qasddan o‘ldirilgani va jinoyatni yashirish maqsadida uyga o‘t qo‘yilgani aniqlangan. Qotillik sodir etilgan joydagi 1 dona poyabzal va 8 dona barmoq izlari hamda qon dog‘laridan namunalar olingan.

Ushbu qotillikda Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro A.A. gumon qilinib, uning xonadoni ko‘zdan kechirilgan.

O‘rganish davomida uning xonadonidan qonga o‘xshash dog‘lar mavjud bo‘lgan shimi, poyabzali va kurtkasi, qotillik qurboniga aylangan fuqaro F.A. ga tegishli bo‘lgan 1 juft ayollar sirg‘asi va Samsung G-3/6 rusumli uyali telefon apparati daliliy ashyo sifatida musodara etilgan.

Hozirda gumonlanuvchi A.A. qo‘lga olingan. Holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avvalroq Andijonda mudhish qotillik ro‘y bergani, bir oilada 2 go‘dak, jami 4 kishi o‘ldirib ketilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid