O‘zbekiston | 21:45 / 09.01.2018
10670
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyalik professor Sog‘liqni saqlash vaziriga maslahatchi etib tayinlandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Janubiy Koreya Milliy shifoxonalari assotsiatsiyasi raisi, nufuzli Chonnam milliy universiteti professori Yun Tek Rim O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Kun.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

«Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22–25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida turli sohalar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bilan bog‘liq imzolangan ko‘plab shartnomalar doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ushbu lavozimga Janubiy Koreyaning taniqli professori Yun Tek Rim nomzodi tasdiqlandi», — deyilgan xabarda.

Yaponiyaning Gurume va AQShning Jon Hopkins tibbiyot maktablarida malaka oshirgan mashhur olim Janubiy Koreyadan tashqari, o‘z faoliyatini xalqaro miqyosda, xususan, AQShdagi ortoped-jarrohlar akademiyasi, Jahon ortoped-jarrohlari va travmatologlari uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlarda ham akademik tadqiqotlar olib boradi. O‘z faoliyati davomida 8 mingdan ortiq murakkab amaliyotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan Yun Tek Rim Janubiy Koreyada bir necha marta eng yaxshi jarroh sifatida e'tirof etilgan. Aynan professor Yun Tek Rimdan ta'lim olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun dunyoning deyarli barcha davlatlaridan shifokorlar va bemorlar Janubiy Koreyaga tez-tez tashrif buyurib turadi.

Yun Tek Rim xalqaro miqyosda orttirgan o‘z tajribasi va ilmiy salohiyatini ikki mamlakat tibbiyot tizimi uchun safarbar qilayotganidan va ushbu mehnatlari katta e'tirof qozonayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Mavzuga oid