Jahon | 21:13 / 13.01.2018
4320
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyadagi prezident saylovlarida amaldagi prezident yetakchilik qilmoqda

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Chexiyada prezident saylovlarining 1-turi o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda iDNES.cz xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, saylovlardagi ishtirok 60 foizdan oshgan. Ovozlar hisob-kitob qilina boshlangan.

Saylovlarda 9 nomzod, jumladan amaldagi prezident Milosh Zeman ishtirok etgan.

Agar nomzodlardan birortasi 1-tur natijalariga ko‘ra 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmasa, ikki haftadan keyin 2-tur bo‘lib o‘tadi.

Saylov uchastkalaridan olingan ma'lumotlarning 75 foizi hisob-kitob qilingandan keyin amaldagi prezident Zeman 40,7 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.

2-o‘rinni 25,5 foiz ovoz bilan fanlar akademiyasining sobiq rahbari Yirji Dragosh egallamoqda. Qolgan 7 nomzod 0,5 foizdan 9,6 foizgacha ovoz to‘plaganlar. 

Chexiyada prezident saylovlari ikki kun – 12 va 13 yanvar kunlari davomida bo‘lib o‘tdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Zemanga saylovlarda qishloqlar va kichik shaharlar aholisi, Dragoshga esa yirik shaharlar, jumladan Praga aholisi ko‘proq ovoz bergan.  

2-tur o‘tkaziladigan bo‘lsa, o‘ng partiyalar yetakchilari va ba'zi nomzodlar o‘z tarafdorlarini Dragoshga ovoz berishga chaqirishmoqchi. Dragosh mamlakat tashqi siyosatining yevroatlantik yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlaydi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar saqlab qolinishini ma'qullaydi va Xitoy bilan yaqinlashishni qo‘llab-quvvatlamaydi.  

Dragoshdan farqli ravishda, Zeman Rossiya va Xitoy bilan hamkorlikda mamlakati uchun katta iqtisodiy salohiyat borligini aytadi, Qrim masalasi deyarli hal bo‘lgan deb hisoblaydi va Chexiyaga musulmon davlatlardan bo‘lgan qochqinlarni qabul qilish imkonini mutlaq rad etadi. 

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid