12:00 / 14.01.2018
15039

«Real»da eng yomon mavsum. Raqamlar

«Real» «Vilyarreal»ga yutqazdi. Endi Madrid jamoasida keyingi 12 yil ichidagi eng yomon statistika. Hozirda Zidan jamoasi 32 ochko bilan 4-o‘rinda. 2005/06 yilgi mavsumda 30 ochko bilan 6-pog‘onada edi. O‘sha qishda Florentino Peres iste'foga chiqqan va prezidentlik xonasini Ramon Kalderon uchun bo‘shatib bergandi.

Rafael Benitesning yarim yillik faoliyatida ham «Real»ning ko‘rsatkichlari hozirgidan yaxshiroq edi – 18 turda 37 ochko. Aynan 18-turdan keyin Rafani haydashgan va uning o‘rniga Zidanni tayinlashgandi. 

«Real» hozirga kelib o‘tgan mavsum davomida yo‘qotganidan ko‘proq ochko yo‘qotdi: 22 ochko (5 durang + 4 mag‘lubiyat). O‘tgan mavsumda jami 21 ochko yo‘qotilgan (6 durang + 3 mag‘lubiyat). 

Agar bugun «Barselona» «Real Sosedad»ni yengsa, madridliklar turnir jadvali yetakchisidan 19 ochkoga ortda qola boshlaydi.

«Real» 2009 yildan buyon primeraning qatorasiga ikki uy o‘yinini boy berdi («Barselona» – 0:3; «Vilyarreal» – 0:1).

Madrid 11 yildan buyon ilk marta «Santyago Bernabeu»dagi qatorasiga ikki o‘yinni golsiz o‘tkazdi. O‘shanda «Levante» (0:1) va «Betis» (0:0)ga qarshi o‘yinlarda gol urilmagandi. 

Qatorasiga ikki o‘yinda quruq hisobda yutqazish keyingi 18 yilda kuzatilmagandi. 

Foto: Reuters

«Real»ning hech bir futbolchisi mavsum yarmidan o‘tganda 4tadan ortiq gol urmagan (Krishtianu Ronaldu, Isko va Asensioda shunchadan gol mavjud) – bunaqasi La Liga tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Bir yil muqaddam, shu kunlarda «Real»ning 5 futbolchisi kamida 5ta gol urib bo‘lgandi.

«Real»da tanaffusdan keyingi to‘plar nisbati – 9:11. Oxirgi 5 turda Madrid tanaffusdan keyin gol urmagan.

«Vilyarreal» o‘z tarixida ilk marta «Santyago Bernabeu»da g‘alaba qozondi – bungacha «sariq submarinalar» jamoasi bu stadiondan 12 mag‘lubiyat va 5 durang bilan qaytgandi.

Foto: Reuters

Bu uchrashuvda «Real» raqib darvozasi tomon zarbalar berish bo‘yicha Primera rekordini qayd etdi (28), ammo gol bo‘lmadi. Bir Ronalduning o‘zi «Vilyarreal» futbolchilari jam bo‘lib bergan zarbalardan ko‘proq zarba berdi (11-10), ammo o‘yin 0:1 hisobida yakunlandi.

Yomon statistika faqat Krishtianuda emas. Masalan, Marselo 16 kross ijro etgan, va faqat shundan 3tasi – aniq. Bir o‘yinda 13ta noaniq kross – braziliyalik futbolchining Ispaniyadagi eng yomon natijasidir.

Madriddagilardan eng xolis munosabatni Toni Kroos bildirdi: «Biz endi Chempionlar ligasi yo‘llanmasi haqida qayg‘urishimiz kerak. Bu qolgan o‘yinlardagi asosiy maqsadimiz bo‘ladi. Turnir jadvali peshqadami bilan 16 ochkolik farq – juda katta. Ko‘proq ochkolar yig‘ishga harakat qilib, kuchli to‘rtlikda qolishimiz kerak».

Top