Light | 16:30 / 14.01.2018
14349
10 daqiqa o‘qiladi

Jonga tegmaydigan reklama ishlash texnologiyasi asoschisi Ofir Tants va uning biznes yo‘li

To‘qqiz yil avval ish boshlagan GumGum texnologik startap asoschisi, 35 yoshli CEO Ofir Tants o‘zi va qator hamkasblari uchun yilning eng so‘nggi uy o‘yinlaridan biri "Nyu-York Mets" uchun Citi Field mehmonxonasining lyuks-toifa nomerlarini ijaraga oldi. Kaliforniyaning Santa-Monikasidagi kompaniya daromadi 2017 yilning oxiriga borib 100 million dollardan oshishi taxmin qilinayotgan edi. Kompaniya xodimlari Reklama haftaligi uchun shaharga kelishdi. Sharqiy qirg‘oqda yig‘ilish uchun sabab sifatida sport hodisasining tanlanishi asoschiga startapning yangi GumGum Sports loyihasining mohiyatini tushuntirishga yordam berdi. 

Foto: GumGum Sports

GumGum onlayn tasvirlarni hisoblash uchun patentlangan algoritmlarni qo‘llaydi, so‘ngra ularga o‘zaro bog‘liq reklama xabarlarini joylaydi. Masalan, Ford singari mijoz uchun GumGum qandaydir sayohatlar bilan bog‘liq bo‘lgan hamkor-noshirlar (shu jumladan, Time, Wenner Media va Hearst)ning 2000 saytida barcha tasvirlarni topib, surat yoki video ostida kichik Ford Explorer reklamasini joylashi mumkin. GumGum reklama beruvchilardan xizmatlar uchun to‘lov olib, daromadni sheriklari bilan bo‘lishadi. Kompaniya daromadi 2016 yildagi 72 million dollardan joriy yilda 110 million dollargacha o‘sdi. U Ford kabi mijozlardan texnologiyadan foydalanganlik uchun mukofot oladi, lekin sheriklariga reklama maydoni uchun pul to‘laydi. Tants kompaniya daromad keltirayotganini ta'kidlamoqda.

Tants GumGum'ga asos solishdan avval Karnegi-Mellon Universitetida kompyuter texnikasi bo‘yicha bakalavr va axborot tizimlari bo‘yicha magistr darajasini olgan. U biroz vaqt Rey Dalioning Bridgewater Associates xej-fondida ishlagan, keyin bir necha texnologik startaplarga, shu jumladan Fluidesign (interaktiv brending agentligi) va Mojungle (mobil media-platforma)ga asos solgan va 2008 yilda GumGum'ning ish boshlashidan avval ikkala startapni ham sotgan. GumGum asosidagi texnologiyaning murakkabligiga qaramay, Tants yangi kompaniya nomi oddiy va esda qolarli bo‘lishini istagan. U GumGum so‘zida to‘xtadi, chunki u kompaniyani "yopishqoq" reklama ishlash platformasi sifatida qabul qilar edi. 

Tantsning aytishicha, kompaniyani ishga tushirishda eng qiyini — algoritmlarni ishlab chiqish. "Texnologiyani ishlab chiqish oson bo‘lmagan, biroq kompaniya turfa xil yangi imkoniyatlarni rivojlantirish maqsadida unga faol sarmoya kiritgan", - deydi Tants. Texnologiyani charxlash uchun GumGum tizimiga millionlab tasvirlarni yuklash zarur edi, shundan keyingina u real vaqt rejimida o‘xshash tasvirlarni tanishni o‘rganardi. Endi tizim nafaqat alohida obektlar (masalan, krossovkalar), balki to‘liq ekran tasvirlari kontekstini (yugurib ketayotgan kishi tinch shaharda sport bilan shug‘ullanyaptimi yoki harbiy hujumlardan himoyalanyaptimi?) ham taniy oladi, shunda tegishli video va suratlarda o‘rinli reklama joylashtirish kafolatlanadi. 

Foto: GumGum Sports

Tantsning so‘zlariga ko‘ra, startap buni keng ko‘lamlarda amalga oshirishi qiyin va ehtimol, shuning uchun ham Stipple va Luminate kabi raqiblar o‘z faoliyatiga nuqta qo‘ygandir. GumGum'ning eng yaqin raqibi — bugunga qadar 28,2 million dollar mablag‘ jalb qila olgan Vibrant Media kompaniyasi. GumGum esa, Morgan Stanley, Upfront Ventures va First Round Capital kabi venchur investorlardan 38,8 million dollar jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kompaniyaga muhandislar va sotuvlar bo‘yicha mutaxassisni ishga yollab, xorijga chiqish imkonini berdi. Joriy yilda kompaniya Yaponiyada o‘z ofisini ochdi va Lotin Amerikasida sotuvlar bo‘yicha mutaxassislar jamoasini shakllantirdi. 

Tantsning aytishicha, investorlar,  kompaniyalar va media-bayyerlarga taniy olish texnologiyasining qanday ishlayotgani va u onlayn-reklama strategiyalariga qanday javob berishini tushuntirish oson emas. 

GumGum mijozlarni tasvirlar orqali reklama maqsadli auditoriyaga nafaqat kuchli ta'sir qilishi, balki to‘liq ekranli reklamalarga nisbatan kamroq jonga tegishiga ishontiradi. Bugungi kunda kompaniya Fortune 100'dagi brendlarning 70 foizi bilan hamkorlik qiladi - L’Oreal, Mondelez va Ford shular jumlasidandir.

Biroq 2015 yildan boshlab GumGum boshqa biznes-modellarga nisbatan ham xuddi shu texnologiyani qo‘llash yo‘llarini izlamoqda. "Birinchi kundanoq GumGum'ni adtech-startap sifatida qabul qilmaganman", - deydi Tants. Buning o‘rniga u GumGum o‘zining texnologik imkoniyatlarini boshqa sohalarda ham qo‘llashini tasavvur qilgan. Startap-madaniyat odatda shiddatli o‘sish tarafdori bo‘lsa-da,  GumGum yetti yil o‘tgachgina ikkinchi bo‘limini ochdi. "Biz boshqa yo‘nalishlarni tadqiq qilishdan avval ishchi modelni topishimiz kerak edi", - deya izoh beradi Tants.

2015 yilning avgustida, GumGum Advertising mustahkam oyoqqa turib olgandan keyin u GumGum Social'ni ishga tushirdi. Kompaniya ijtimoiy kapitalini aniqlash uchun xeshteg yetarli emasligi g‘oyasiga asoslanib, muayyan brend bilan bog‘liq obrazlarni qidirishda ijtimoiy tarmoqlarni skanerlaydi. Shundan keyin 2016 yilning dekabrida GumGum onlayn-reklamadan rivojlanib, yanada oldinga harakat qiladi va sport bozoriga chiqadi.

Marketing bo‘yicha direktor Ben Plomion mehmonxonadagi televizorda match translyatsiyasi va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘yin atrofidagi faollikka ishora qilib, GumGum faoliyati tamoyillarini izohlab berdi. U qanday qilib translyatsiyaga tushmagan stadion atrofidagi bannerlar logotiplari mashhur surat va videolarda paydo bo‘lib qolganini ko‘rsatib berdi. 

Shuningdek, GumGum har safar kompaniya logotipi onlayn yoki televideniyeda paydo bo‘lganida uning hajmi va tiniqligini aniqlaydi. GumGum nashriyotlar bilan hamkorligi tufayli AQSh mobil bozorining 50 foizdan ortig‘ini qamrab oladi. Plomionning so‘zlariga ko‘ra, ularning taniy olish algoritmlari sport franshizalari jamoalari homiyligi va maydondagi reklama bahosini aniqlashga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartiradi.

Bu sohada GumGum'ning birgina asosiy raqibi bor - ijtimoiy ta'sir va sport homiyligi auditoriyasini jalb qilishini kuzatuvchi sun'iy intellektdan foydalanuvchi Chikagoning Blinkfire Analytics kompaniyasi. Unga 2013 yilda asos solingan, 2 million dollarga yaqin mablag‘ jalb qilgan va hozirda 2 mingdan ziyod sport jamoalarini kuzatadi. Uning mijozlari orasida ko‘plab professional klublar bor, Yevropa futbol klublari ("Barselona", "Torino", "Yuventus") ham shular jumlasidandir.  

2016 yil ishga tushgan GumGum Sports esa hozirda 50 professional jamoa bilan ishlamoqda. 

Foto: GumGum Sports

2015 yilda GumGum Social ishga tushganidan keyin ularning xodimlari soni 145 nafardan 250 kishiga yetdi. Biroq kompaniya bu davrda kadrlar oqimi u qadar yuqori bo‘lmagani, 91 foiz xodim esa ishlashda davom etayotganini ta'kidlamoqda. Tantsning aytishicha, soha veteranlarini yollashda uning omadi kelmagan. "Gap aniq nimadaligini bilmadimu, biroq ba'zilar shunchaki GumGum'ning korporativ madaniyati yoki etikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Bir necha marta investorlar va maslahatchilarning tavsiyalariga amal qilishga harakat qildik. Biroq ko‘zlagan maqsadimizdan uzoqlashib ketdik. Biz odamlarning vakolatlarini sekin asta kengaytirib va hatto kichik mutaxassislarga top-menejyerlar pozitsiyasigacha ko‘tarilish imkonini berib, ilgari surishga harakat qilamiz, - deydi Tants. - Odamlarni katta tajribaga ega yirik kompaniyalardan tortib olish o‘rniga, shunchaki qobiliyatli   xodimlarni jalb qiling va ularni nima harakat qilishga undayotgani, ularning asl xususiyatlari qanday ekanini aniqlang. Ehtimol, bu qaysidir tashkilotlarga to‘g‘ri kelar, biroq bizga emas". 

Iste'dodlarni boshqarishga bunday yondashuv GumGum Sports'ni ishga tushirishda foyda berdi. Jyeff Kats dastlab GumGum Advertising'ning biznesni rivojlantirish bo‘limiga ishga olingan. Biroq mijozlar sport homiyligi haqidagi ma'lumotlarga qiziqish bildirishda davom etishgani bois Katsga ushbu yo‘nalishni o‘rganish topshirilgan.

"U tahlil qilish borasida juda qobiliyatli, u mavzuga sho‘ng‘ib, sport marketingi uchun yanada aniq biznes-modelni yaratishi mumkin edi, - deydi Tants. - U homiylik, xarid va sotuvlar bo‘yicha ekspert bo‘lishning uddasidan chiqdi va buni yetarlicha tez uddaladi".

Joriy yilning boshida Tants Katsni GumGum bo‘limi rahbari etib tayinladi. Tants va Kats ichki muhandislik va mahsulot bo‘limlari ishtirokida sport mahsulotini ishlab chiqishdi, ular sotuvlar va media-sotuvlar bo‘limlarida vakansiyalarni to‘ldirish aloqalarga kuchli bog‘liq ekanini anglay boshlashdi. Shuning uchun ular bunday mutaxassislarni izlab ESPN va boshqa sport kompaniyalariga murojaat qila boshlashdi. Bugun mijozlar doirasi kengaygani sari ularning sport homiyligi bo‘yicha bo‘limi ham kengayib bormoqda: so‘nggi vaqtlarda ularga «Nyu-Orlean Seynts» (NFL) va «Nyu-Orlean Pelikans» (NBA) qo‘shilgan.

Tantsning ta'kidlashicha, sport, ijtimoiy tarmoqlar va reklamani rivojlantirish bilan bog‘liq rejalarni hisobga olganda, uning iste'dodlarni ishga yollash va tarbiyalashga yondashuvi muhimdir. U 2018 yilda yangi bo‘limlarni ochishga doir tafsilotlarni bayon qilganicha yo‘q, biroq hozirda GumGum tishlarning juda ko‘plab rentgen suratlarini qayta ishlanayotgani haqida ma'lum qildi. 

Mavzuga oid