Sog‘lom hayot | 16:16 / 05.01.2026
1474
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada nosog‘lom yeguliklar reklamalari taqiqlandi

Yangi tartibga ko‘ra, ommaviy platformalarda yog‘, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqatlarni targ‘ib qilish man etiladi. Bunday mahsulotlar televideniyeda soat 21:00 dan oldin, onlayn platformalarda esa har qanday vaqtda reklama qilinmaydi. Mazkur cheklov mamlakatda bolalar semirishiga qarshi kurash ishlari doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Foto: Getty Images

5 yanvardan Buyuk Britaniya bo‘ylab fast-fud va nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari reklamalariga qat’iy cheklovlar joriy etildi. Taqiq yog‘, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda ichimliklarga (HFSS) nisbatan qo‘llanadi.

Cheklovlar bolalar semirishi xavfini oshirishga xizmat qiladigan yetakchi mahsulotlarni qamrab oladi. Jumladan, gazlangan ichimliklar, shokolad va shirinliklar, pitssa hamda muzqaymoq turlari reklama qilinmaydi. Shuningdek, nonushta uchun mo‘ljallangan ayrim yorma va bo‘tqalar, shirinlashtirilgan non mahsulotlari, sendvichlar ham taqiq ostiga tushgan.

Qaysi mahsulotlarni reklama qilish mumkin emasligi maxsus baholash tizimi orqali aniqlanadi. Unda yegulikning ozuqaviy qiymati tarkibidagi to‘yingan yog‘, tuz va shakar miqdori bilan solishtirib baholanadi. Oddiy suli yormasi, bo‘tqa, myusli va granola mahsulotlari cheklovdan mustasno, biroq tarkibiga shakar, shokolad yoki sirop qo‘shilgan ayrim variantlarining targ‘ibotiga cheklov qo‘yilishi ehtimoli mavjud.

Manbaga ko‘ra, reklamada nosog‘lom mahsulotning o‘zi ko‘rsatilsa, u taqiqlanadi. Agar mahsulot ko‘rinmasa, oziq-ovqat tarmoqlari faqat brend nomi bilan reklama qilishda davom etishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, kompaniyalarga taqiqlangan mahsulotlarning sog‘lomroq muqobillarini reklama qilishga ruxsat beriladi. Hukumat mazkur choralar oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarini sog‘lomroq mahsulotlar taqdim etishga undaydi, deb umid qilmoqda.

Avvalroq nosog‘lom oziq-ovqat va ichimlik reklamalari auditoriyasining kamida 25 foizini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etuvchi platformalarda taqiqlangan edi. Endi esa bu cheklovlar butun mamlakat bo‘ylab kuchaytirildi. Yangi qoidalarga amal qilmagan kompaniyalarga Reklama standartlari boshqarmasi tomonidan choralar ko‘rilishi ta’kidlangan.

Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada maktabga qabul yoshidagi bolalarning 9,2 foizi semizlik bilan yashamoqda. Besh yoshga yetgunga qadar bolalarning har beshinchisida tish kariyesi aniqlanyapti. Semizlik sog‘liqni saqlash tizimiga har yili 11 milliard funt sterlingdan ortiq xarajat keltiryapti.

Tadqiqotlar nosog‘lom oziq-ovqat reklamalarini tomosha qilish bolalarning ovqatlanish odatlariga erta yoshdan ta’sir ko‘rsatishini va bu keyinchalik ortiqcha vazn hamda semizlik xavfini oshirishini ko‘rsatmoqda. Hukumatning baholashicha, reklamalarga joriy etilgan ushbu taqiq kelgusida qariyb 20 ming bola semirishi holatining oldini olishi mumkin.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid