«Real» cho‘kmoqda. Zidan ketishi kerakmi?
«Qirollik klubi» tez orada yana bosh murabbiysiz qolishi mumkin.
13 yanvar kuni Ispaniya chempionatining 19-turida «Real» «Vilyarreal»ga yutqazdi. Bu mag‘lubiyat madridliklar klubi uchun La Ligada mavsumdagi to‘rtinchisi bo‘ldi. Bundan tashqari, Zidan shogirdlari 6 uchrashuvda durang o‘ynagan. Endilikda «Real» 19 turdan keyin 18 o‘yindan 32 ochko olib, to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi o‘rindagi «Barselona» bilan oradagi farq esa 19 ochkoni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga 18-o‘rindagi «Deportivo» bilan oradagi farq kamroq - 16 ochko.
Zidanning xatolari
Barchasiga murabbiyning o‘zi aybdor. U yozda o‘ziga haddan tashqari ko‘p ishonib yubordi va Xames, Morata hamda Mariano Diasni qo‘yib yuborib, faoliyatining eng yaxshi damlari o‘tib bo‘lgan Benzema va Ronalduga ishonch bildirdi. U ishonch bildirgan boshqa yosh futbolchilar Sebalos, Mayoral va Ernandes yetarlicha o‘ynatilmadi. Zidan ishonch bildirgan Benzema esa yarim mavsumni golsiz o‘tkazdi va endi lazaretga yotib oldi. Endi jamoa qishdayoq yuqori saviyali markaziy hujumchi sotib olishi kerak bo‘lmoqda. Agar jamoa shu tempda davom etsa, keyingi turda «Deportivo» ham «Real»ni yengishi mumkin.
Del Boske va Mourinodan ortda
4 yanvar kuni Zinedin Zidan «Real» bosh murabbiyligiga tayinlanganiga 2 yil to‘ldi. Fransiyalik mutaxassis keyingi 30 yil ichida Madrid jamoasi boshqaruvida eng ko‘p vaqt qola olgan uchinchi murabbiy bo‘lib turibdi. Undan yaxshiroq ko‘rsatkich Visente del Boske (1999 yil noyabridan 2003 yil iyunigacha) va Joze Mourino (2010 yil mayidan 2013 yil iyunigacha) bo‘lib turibdi. Zidan ikki mavsumda ikki marta Chempionlar ligasida zafar quchdi va bu uning uzoq vaqt jamoa tepasida qolishini ta'minlaydigandek ko‘ringandi. Ammo ayni vaqtda jamoa juda og‘ir vaziyatga tushib qolganidan kelib chiqqan holda, uning ketishi yaqin ekanini taxmin qilish mumkin va natijada u hatto portugaliyalik o‘tmishdoshining natijasiga ham yeta olmaydi.
«Barselona»dan ko‘ra «xavfli hudud» yaqinroq
«Real» sekin-asta cho‘kib bormoqda. Madridliklar bilan bog‘liq transferlar olamidagi hech bir mish-mish, na Ikardining 100 million yevroga transfer qilinishi, na Neymar 400 million yevroga olib kelinishi mumkinligi, jamoadagi qulashni yopa olmaydi. Gap «Barselona»dan 19 ochko ortda qolishda ham emas. «Vilyarreal»ga qarshi oxirgi o‘yini shuni ko‘rsatdiki, «Real» futbolchilarining kuchi faqat bir bo‘limga yetmoqda. Agar ilk 45 daqiqalikda gol urib, g‘alaba kafolatlanmasa, madridliklar ochko yo‘qotishi tayin. Klasikoda ham shunday bo‘lgandi. Jamoa birinchi bo‘limda kataloniyaliklardan to‘liq ustunlik qilgandi, ammo ikkinchi bo‘limda madridliklar qo‘llarini tushirishdi va yakunda 0:3 hisobi qayd etildi. «Selta» bilan o‘yinda ham shunday bo‘ldi (2:2), Kubok doirasida «Numansiya»ga qarshi o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi. Bu holat «sariq submarinalar»ga qarshi o‘yinda takrorlandi - jamoa o‘yin davomida to‘la ustunlik qildi, raqib darvozasiga bir o‘yinda ko‘p zarba berish bo‘yicha Primera rekordi o‘rnatildi (28ta) ammo o‘yin mag‘lubiyat bilan yakunlandi.
Barchasiga futbolchilar aybdormi?
Peres Zidanga ishonch bildiradi. U bu mutaxassisni o‘tgan ikki mavsumdagi yuqori natijalari uchun ko‘kka ko‘targan. Madriddagi asosiy nashr Marca shanba kuni fransiyalik murabbiyni qo‘llab-quvvatlab bir necha maqolalar nashr etdi (lekin odatda Madridda ishdan bo‘shatishdan oldin so‘kishmaydi, maqtab-maqtab kuzatishadi). Yakshanba kuni esa nashr saytida Madriddagi inqirozga kim aybdorligi xususida so‘rovnoma o‘tkazildi. 7,5 ming kishi qatnashgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 23 foiz kishi klub rahbariyatini aybdor deb ko‘rsatgan, 33 foiz kishi Zidandan norozi, 44 foiz kishi esa barchasida futbolchilarni aybdor deb bilmoqda.
Oxirgi xabarlarga ko‘ra, jamoa prezidenti «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin uchun futbolchilardan qattiq norozi bo‘lmoqda va ularni yoppasiga sotib yuborishni istamoqda. Peresning g‘azabiga uchraganlar ro‘yxatidan Krishtianu Ronaldu, Garet Beyl, Karim Benzema, Nacho, Marselo, Keylor Navas, Hakimi, Luka Modrich va Rafael Varan nomlari o‘rin olgan.
Lekin futbol qoidalariga ko‘ra esa mag‘lubiyatlar uchun futbolchilar emas, murabbiy aybdor qilinishi kerak. «Real»ning hozirgi yomon natijalari uchun mas'uliyatni zimmasiga olishi kerak bo‘lgan shaxs - Zinedin Zidandir.
Kroosning xolisligi
Futbolchilar vaziyatni turlicha izohlashmoqda. Marselo bir necha marta jamoa cho‘kayotgani haqida gapirdi. Nacho esa «gap kuch yetmayotganida emasligi, gap ruhiy muammolarda ham emasligi»ni aytib, nimalar bo‘layotganini o‘zi ham tushunmayotganini qo‘shimcha qildi. Karvaxal ham shunga o‘xshash fikr bildirdi: «Bu qandaydir to‘fon va biz bundan chiqib keta olmayapmiz. Buni tushuntirish qiyin». U shuningdek, jamoaning muvaffaqiyatsizliklarida hakamlarning xato qarorlarini ham keltirib o‘tdi. Eng xolis fikrni esa Toni Kroos aytdi: «Endi biz «Barselona»ga yetib olish haqida emas, birinchi navbatda hozirgi vaziyatdan kelib chiqib ish tutish haqida o‘ylashimiz kerak. Qolgan o‘yinlarda bor e'tiborni kuchli to‘rtlikda qolishga va keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmani qo‘lga kiritishga qaratishimiz kerak».
Qatorasiga ikki marta Chempionlar ligasi g‘olibligidan keyin «Real» mavsum boshida ikkita kubok oldi - Yevropa Superkubogi va Ispaniya Superkubogi. O‘sha vaqtda hech kim yanvarda bunday holat yuzaga kelishini taxmin qilmasdi. Kroos xolis fikrlamoqda. Agar jamoa shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etsa, jamoaning maksimum vazifasi to‘rtinchi o‘rinda qolish bo‘lib qoladi. Ayni vaqtda «Barselona»dan 19 ochko, ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi «Atletiko» va «Valensiya»dan mos ravishda 10 va 8 ochkoga ortda qolib ketgan jamoani pastdan «Vilyarreal» (1 ochkolik farq) va «Sevilya» (3 ochkolik farq) ta'qib etib kelmoqda.
Nega Benitesga imkon berilmagan, Zidanga berilishi kerak?
«Santyago Bernabeu»dagilar shanba kungi o‘yindan keyin Zidan va uning jamoasini davomli hushtakbozliklar bilan kuzatib qo‘yishdi. Gol bo‘lmaganida va mag‘lubiyatda ijrochilarning aybi naqadar katta bo‘lmasin, hozirgi muammolar rahbariyatning qarorlari ortidan paydo bo‘lgan. Zidanning o‘tmishdoshi Rafael Benitesni «Barselona»dan 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lish va prinsipial raqibdan 5 ochkoga ortda qolishni kechirishmagandi. Klasikodagi yirik mag‘lubiyatdan keyin Zidan o‘z joyida qoldi, ko‘k-anorranglilar bilan oradagi farq esa 4 barobar yirik. «Real» yangi hujumchi bilan birga yangi murabbiy ham qidirishi kerak. Ko‘p ehtimol bilan, Madrid jamoasining keyingi murabbiyi ayni vaqtda Germaniya terma jamoasi bilan 2018 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Yoaxim Lyov bo‘ladi.
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:52 / 27.10.2024