O‘zbekiston | 19:43 / 16.01.2018
7885
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ijtimoiy munosabatlarning necha foizi qonun bilan tartibga solingan?

O‘zbekistondagi ijtimoiy munosabatlarning atigi 2 foizi qonunlar bilan tartibga solingan. Xorijiy mamlakatlarda bu raqam 90 foizni tashkil etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamurodov parlamentning quyi palatasida Prezident murojaatnomasi yuzasidan mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot brifingida shu haqda ma'lum qildi. 

Sarvar Otamurodov. Foto: KUN.UZ

Otamurodov O‘zbekistondagi muhim siyosiy tadbir, Prezidentning parlamentga murojaatidan so‘ng, Oliy Majlis vakillarining OAV bilan uchrashuvi ilk marta bunday formatda tashkil etilayotganini e'tirof etdi. 

“Biz ham mintaqalarda bo‘lib, xalq bilan uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Mavjud muammolarni o‘rganib, ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qilmoqdamiz. Bu muammolarni esa, qonun orqali hal qilish mumkin, xolos.

Prezident o‘z murojaatida shunday statistik ma'lumotni keltirdiki, unga ko‘ra, 2017 yilgi ishlab chiqilgan qonunlarning 20 foizi deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Bu ko‘pmi yoki kammi, degan xolis savol tug‘iladi. 2016 yil bilan qiyoslaganda ko‘p, albatta. Ammo 2017 yil 12 iyuldagi uchrashuvda qo‘yilgan vazifalar ko‘lami bilan taqqoslaganda kam. 

Foto: KUN.UZ

Qolaversa, parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarning aksariyati prezident va hukumat qaror hamda farmonlarini tasdiqlashdan iborat bo‘lgan. 

Bundan tashqari, 2016-2017 yillarda qonunchilik faoliyatida rejalar tuzilgan, biroq ular oddiy fuqarolar, aholi manfaatlarini e'tiborga olganmi, degan savolga ijobiy javob berib bo‘lmaydi. 

Bugungi kunda O‘zbekistondagi ijtimoiy munosabatlarning 2 foizigina qonunlar bilan tartibga solingan. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 90 foiz atrofida. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, qonun ijodkorligi borasida hali ko‘p ishlar qilish lozim”, - dedi Sarvar Otamurodov. 

Mavzuga oid