10:35 / 17.01.2018
15519

OTMda jami stipendiya oluvchilarning 19 mingga yaqini maksimal reyting baliga ega talabalar 

Foto: KUN.UZ

2017/2018-o‘quv yili boshiga oliy ta'lim muassasalaridagi jami 297689 nafar talabalar ta'lim olayotgan bo‘lib, ularning 119180 nafarini qizlar tashkil etadi. Talabalarning 27,1 foizi davlat grantlari asosida, 72,9 foizi shartnoma asosida ta'lim olmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Bakalavriat bosqichiga jami 786121 ta, magistraturaga 12754 ta ariza topshirilgan bo‘lib, ulardan 8555 tasi hisobot yilida harbiy xizmatni tugallagan shaxslar tomonidan topshirilgan.

Shuningdek 2017 yilda bakalavriat bosqichini tamomlagan 62900 nafar talabalarning 4,5 foizi (2848 nafari) magistratura bosqichida ta'lim olishni davom ettirmoqda. Ularning 36,5 foizini qizlar tashkil etadi.

2016 yilning 1 noyabridan 2017 yilning 1 noyabriga qadar bakalavr bosqichi talabalarining 8582 nafari oliy ta'lim muassasasidan ketgan bo‘lib, ulardan 2025 nafari o‘zlashtirolmasligi sababli, 410 nafari kasalligi tufayli, 600 nafari kontrakt to‘lovini bajarmaganligi uchun, 2980 nafari o‘qishni boshqa oliy ta'lim muassasasiga ko‘chirganligi sababli hamda 2567 nafari boshqa turli sabablarga ko‘ra ketgan. 

Oliy ta'lim muassasalaridagi talabalarning 2018 yil 1 yanvar holatiga to‘ladigan yoshi bo‘yicha taqsimlanganda, 18 yoshgacha bo‘lgan talabalar 3,6 foizini, 19 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan talabalar 78,1 foizini, 25 yosh va undan katta yoshdagi talabalar 18,3 foizini tashkil etadi. 

Oliy ta'lim muassasalaridagi jami talabalar ta'lim olib boriladigan tillari bo‘yicha taqsimlanganda, o‘zbek tilida 77,7 foizini, rus tillarida 14,9 foizini, qoraqalpoq tilida 4 foizini, ingliz tilida 2,9 foizini, tojik tilida 0,2 foizini, qozoq tili va boshqa tillarda ta'lim berilayotgan talabalar ulushi 0,3 foizini tashkil etadi. 

Oliy ta'lim muassasalaridagi jami stipendiya oluvchilarning 18972 nafari maksimal reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (86-100 %), 65123 nafari yuqori reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (71-85 %), 189809 nafari o‘rta reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (55-70 %) tashkil etadi.

 

Top