20:50 / 18.01.2018
7860

Erdo‘g‘an 16 yoshli Al-Quds kurashchisini qabul qildi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an falastinliklarning Al-Qudsdagi Isroil mustamlakasiga qarshi kurash ramziga aylangan 16 yoshli Favzi Al-Junaydiyni qabul qildi. 

O‘smir Turkiya davlat rahbari bilan uchrashuvga otasi Muhammad Al-Junaydiy bilan tashrif buyurdi. 

Anqaradagi Prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shuningdek Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim ham ishtirok etdi. Suhbat iliq muhitda o‘tdi. 

Prezident Erdo‘g‘an Favzi Al-Junaydiyga "Anadolu" agentligi versiyasi bo‘yicha "Yil suratlari"ni aniqlash bo‘yicha onlayn-ovoz berishda qatnashgani haqida so‘zlab berdi. 

Davlat rahbari "Yangiliklar" turkumida "Anadolu" muxbiri Visam Xashlamunning Falastinda olgan "16 yoshli kurash ramzi" surati uchun ovoz berganini qayd etdi. 

Muxbir Favzi Al-Junaydiyning qo‘lga olinish vaqtini suratda aks ettirgan - unda o‘smir ko‘zlari va qo‘llari bog‘langan holatda Iordan G‘arbiy qirg‘og‘ida ishg‘ol qilingan Al-Halil shahri ko‘chalari bo‘ylab olib ketilmoqda.

"Bu surat tanlovda g‘olib bo‘ldi. Mendan ovoz berishni so‘rashdi va men aynan shu suratni tanladim", - dedi Erdo‘g‘an.

2017 yilning 6 dekabrida AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olish qarorini qabul qilganidan keyin Falastinni norozilik namoyishlari qamrab oldi. 

2017 yilning 7 dekabrida isroillik harbiylar guruhi 16 yoshli Favzi Al-Junaydiyga hujum qildi. Voqea Al-Halil shahrida ro‘y bergan. O‘smirni shafqatsizlarcha kaltaklab, keyin Ofer turmasiga olib borishgan.

Yarim asrdan buyon davom etib kelayotgan Al-Qudsning Isroil tomonidan ishg‘ol qilinishi Donald Trampning shaharni mamlakat poytaxti deb e'lon qilish qaroridan keyin yangi bosqichga chiqdi.

Top