20:20 / 19.01.2018
8867

WhatsApp biznes uchun bepul ilovasini ishga tushirdi

Foto: RIA "Novosti"

WhatsApp ishbilarmonlarning mijozlar bilan aloqa qilishiga mo‘ljallangan bepul WhatsApp Business ilovasini ishga tushirdi. Bu haqida kompaniya blogida xabar berildi.

Ishlab chiqaruvchilar WhatsApp Business ilovasi shaxsiy va ishchi yozishmalarni ajratishga yordam berishi hamda kompaniyalarning messenjerdagi "rasmiy vakolatxonasi" bo‘lib xizmat qilishiga umid bildirishmoqda.  "Butun dunyo odamlari o‘zlari uchun muhim bo‘lgan kompaniyalar bilan muloqot qilishda WhatsApp'dan foydalanmoqda — Niderlandiyadagi avtoustaxonadan to Gruziyadagi vino do‘konigacha", - deyiladi messenjer xabarida.

Shuni ta'kidlash joizki, oddiy foydalanuvchilar WhatApps'dan oldingidek, yangi ilovani yuklash zaruratisiz foydalanishlari mumkin. Biznes-akkauntlar xabarlarini boshqa foydalanuvchilar xabarlari kabi bloklash yoki ulardan kelayotgan spamlardan shikoyat qilish imkoni mavjud. 

Yangi ilova shuningdek kompaniyalarga ularning faoliyati haqida ma'lumotlar (manzil, veb-sayt, elektron pochta) qo‘shilgan biznes-profillar yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, WhatsApp Business statistik ko‘rsatkichlarni kuzatish va ko‘p beriladigan savollarga tezkor javoblar uchun shablonlar yaratish imkonini beradi. 

"Bizning 1,3 milliard foydalanuvchimiz o‘zi uchun muhim bo‘lgan kompaniyalar bilan ancha oson muloqot qiladi", - deyiladi WhatsApp xabarida.

Biroz keyin biznes-akkauntlar verifikatsiyasi kiritiladi — ishlab chiqaruvchilar WhatsApp'da ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqam kompaniyaning telefon raqamiga mos kelishiga ishonch hosil qilishganidan keyin "tekshirilgan" kompaniya mavqei taqdim etiladi.

Yangi ilova hozircha faqat AQSh, Indoneziya, Italiya, Meksika va Buyuk Britaniyadagi Android operatsion tizimi ostidagi qurilmalarda ishlaydi, yaqin haftalar ichida boshqa davlat aholisi ham undan foydalanishi mumkin bo‘ladi, deya va'da bermoqda WhatsApp.

Mavzuga oid
Top