Iqtisodiyot | 09:10 / 22.01.2018
3914
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh senati vaqtinchalik byudjyet bo‘yicha ovoz berishni keyinroqqa ko‘chirdi

Foto: Fotolia / W.Scott

AQSh kongressi senati uch haftalik vaqtinchalik byudjyet bo‘yicha ovoz berishni 22 yanvar tush vaqtiga (Toshkent vaqti bilan soat 22.00) ko‘chirdi, bu esa hukumat ishida majburiy tanaffusning yana bir necha soatga cho‘zilishini anglatadi.  

Dastlab senatorlar bu masalani 22 yanvarga o‘tar kechasi (Toshkent vaqti bilan ertalab) muhokama qilishlari rejalashtirilgandi.

Respublikachilar va demokratlar yetakchilari Mitch Makkonnell va Chak Shumer byudjyet bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqdalar. Shumerning aytishicha, hozircha bu masalada oldinga siljish kuzatilmayapti.

Federal hukumat yangi yil uchun byudjyet tasdiqlanmagani sababli bir qator funksiyalarini bajarishni to‘xtatdi. Senatdagi respublikachilar va demokratlar bir qator, jumladan immigratsiya bo‘yicha ko‘rsatkichlar yuzasidan kelisha olishmayapti. 2018 moliyaviy yil boshlangan 2017 yil 1 oktabridan 3 marta cheklangan muddatga vaqtinchalik byudjyetlar qabul qilingan, biroq bu gal kelishmovchiliklar muzokaralarni vaqtida yakunlashga imkon bermadi. 

Federal hukumat ishi to‘xtatilishi kamdan-kam uchraydigan holat hisoblanadi. Oxirgi marta bunday holat 2013 yil kuzida yuz bergan. O‘sha vaqtdagidek, hozir ham ikki partiya vakillari yuzaga kelgan inqirozda bir-birlarini ayblashmoqda.

Mavzuga oid