Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muammo bir kunda yechimini topdi: navbatdan o‘chirilgan onaxon haj safariga boradigan bo‘ldi
Haj amalini ado etish, har bir mo‘min-musulmonning eng katta orzusi hisoblanadi. Islom dinining beshinchi arkoni hisoblanmish bu ibodatni ado etish hammaga ham nasib etmaydi. Shu sababdanmi, bu baxtga erishganlar odamlar ichida eng baxtiyorlari hisoblanadi. Boshqalar ularga havas qilib, “bizni ham shu kunlarga yetkazsin”, deya duolar qilishadi.
Bugungi kunda haj amaliga borish ishlari hukumat tomonidan tartibga solinib, adolatli tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Moddiy va jismoniy tomondan qurbi yetganlar navbatlariga qarab muqaddas ziyoratga otlanishmoqda. Ammo barcha joyda ham shu adolatga amal qilinayaptimi? KUN.UZ tahririyatiga Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani, Dilkushod qishlog‘idan yetib kelgan navbatdagi murojaat mazmuni ana shu haqda.
“Assalomu alaykum KUN.UZ tahririyati xodimlari. Sizlar tomondan berib borilayotgan xabarlarni muntazam kuzatib boraman. Xalqning dardiga darmon bo‘lib, muammolariga yechim topishga yordam berayotganingiz tahsinga loyiq.
Men ham bir necha kun-ki, onamning o‘ksigan ko‘ngliga qanday malham bo‘lishni bilolmay, sizlardan yordam so‘rashga ahd qildim. Yetti yildir-ki, ota-onam haj safariga borishga navbat kutishadi. Bu yil navbat kelgan ekan dadamning ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani tufayli borolmaydigan bo‘ldi. Ammo MFY raisining mas'uliyatsizligi tufaylimi yoki tanish-bilishchilik qilishdimi, xullas onamdan bir og‘iz surashmay, keyingi navbatdagi odamni ro‘yxatga berishgan. Buni eshitib tuman hokimligiga bordik, MFY raisiga yugurdik, afsuski, natija bo‘lmadi.
Onamning yoshlari 68 da. Nogiron dadam uyda o‘tiradilar. Shularni hisobga olib, MFY raisi hech bo‘lmasa onamni o‘z navbatida haj safariga borishlariga yordam berishi kerak edi-ku. Qachongacha tanish-bilishchilik, qog‘ozbozlik davom etadi? Muhtaram prezidentimizning xalq bilan birga bo‘laylik, degan so‘zlari nahotki MFY raislariga yetib kelmagan bo‘lsa? Bu maktubimda ko‘tarilgan muammolar tegishli rahbariyat tomonidan bee'tibor qoldirilmaydi, deb o‘ylayman. Hurmat bilan Umida”.
Biz murojaat egasi bilan bog‘langanimizda vaziyat yanada oydinlashdi.
- Hajga ketadiganlar bilan suhbat bo‘lgan kuni onam uyda bo‘lmaganlar. Qirg‘izistonga mehmonga ketgan edilar, - dedi biz bilan suhbatda murojaat muallifi. - Tuman hokimligiga borib surishtirganimda ular suhbatga chaqirish hujjatini mahallamizga uch kun ilgari yuborishganini aytishdi. Mahalla yig‘inidagilarning mas'uliyatizligi oqibatida bu haqda bizga o‘z vaqtida ma'lum qilinmagan. Oqibatda uchinchi kun hokimiyatdan javob so‘rashganda, ular uyimizga kelishgan va onam yo‘qliklaridan foydalanib, noto‘g‘ri ma'lumotlarni hokimiyatga shosha-pisha jo‘natishgan. Natijada onam qolib, u kishidan keyingi o‘rinda turgan fuqaro haj safariga boradigan bo‘lib turibdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Umida (murojaat muallifi – tahr) bu muammoni hal etish maqsadida hokimiyatga boradi, u yerdagilar uni mahalla yig‘iniga jo‘natadi. Mahalladagilar esa bu ishni hokimiyat hal qilishini aytadi. Xullas, tanish manzara – sansolarlik yuzaga keladi.
Ushbu masala yuzasidan KUN.UZ tahririyati Xo‘jaobod tumani hokimi Qobiljon Qirg‘izboyev bilan bog‘lanib, vaziyatni atroflicha tushuntirdi. Hokimiyat tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu muammo o‘zining ijobiy yechimini topdi. Murojaat egasining onasi o‘zining navbatida haj ziyoratiga boradigan bo‘ldi.
Insondagi ishonch tuyg‘usi o‘lmasin. Chunki aynan mana shu xislat kishiga kuch-quvvat berib turadi, ertangi kunga bo‘lgan umidini so‘ndirmaydi. Bugun bir fuqaroning muammosi hal etildi. Uning adolatli jamiyatga bo‘lgan ishonchi yana tiklandi. Boshqa hududlardagi mavjud muammolar ham o‘z vaqtida amaliy yechimini topsa, fuqarolardagi davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi yanada mustahkamlanadi, yanada ortadi.
Mavzuga oid
16:27 / 26.06.2026
Andijonda suv va oqova suv tizimlarining rekonstruksiyasi boshlandi
08:21 / 25.06.2026
Andijonda 1980-yillarda qurilgan magistral suv tarmog‘i yangilanadi
22:54 / 24.06.2026
Odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar o‘n yillab cho‘zilmasligi kerak - Saida Mirziyoyeva
11:00 / 22.06.2026