O‘zbekiston | 10:13 / 25.01.2018
10630
2 daqiqa o‘qiladi

Biznesda huquqbuzarlik uchun jinoyat ishini qo‘zg‘atish – faqat prokuror roziligi bilan

Foto: Prokuratura.uz

Biznesda huquqbuzarlik uchun jinoyat ishini qo‘zg‘atish – faqat prokuror roziligi bilan. Bunday yangilik Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan Prezidentning 22.01.2018 yildagi Farmonida saqlanadi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Umumiy qoidaga ko‘ra jinoyat ishi tegishli sabablar va asoslar mavjud bo‘lganda  surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan qo‘zg‘atiladi. Bunda xodim jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqaradi, qarorning ko‘chirma nusxasini ushbu ishning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi prokurorga yuboradi. Ya'ni dastlab jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, shundan keyin esa bu haqda prokuror xabardor qilinadi.
 
Qabul qilingan hujjat mazkur mexanizmga tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini joriy etadi. Shu tariqa, tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Ya'ni tadbirkorlar bilan bog‘liq holatda, dastlab prokurorga aniqlangan huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar beriladi va faqat u rozilik bergan taqdirda – jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Mavzuga oid