O‘zbekiston | 21:28 / 26.01.2018
8440
2 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik tuzilmalari uchun YaIT kamaytiriladi

Foto: Emaze

Advokatura tuzilmalari faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning mustaqilligini ta'minlash va  soliq imtiyozlarini taqdim etish 2018 yil uchun Davlat dasturida o‘z aksini topgan (Prezidentning 22.01.2018 yildagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan).

Norma.uz xabarida aytilishicha, ko‘rsatilgan yo‘nalishda qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan:

1 – yuridik konsalting bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash. Nazarda tutilishicha, mazkur faoliyat litsenziyalanmaydi. Bu tadbirkorlik sub'yektlarini yuridik yordam bilan kengroq qamrab olish imkonini beradi.

Ma'lumot uchun: tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatish litsenziyalanishi lozim bo‘lgan advokatlik faoliyatiga kiradi.

2 – advokatlar uchun soliq yukini optimallashtirish. Xususan, advokatlik tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov va advokatlardan undiriladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini kamaytirish rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun: advokatlik tuzilmalari bugungi kunda YaITni 25% stavka bo‘yicha to‘lamoqda (masalan, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari  – 15%). 

3 – advokatlarning davlat idoralari, korxonalari va tashkilotlarida yuriskonsult bo‘lib ishlashiga ruxsat berish. Ayni paytda cheklov amal qiladi: advokat ilmiy va pedagogik faoliyatdan, shuningdek Advokatlar palatasidagi va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.  

Tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish 2018 yil 20 aprelga belgilangan. Ijrochilar – Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, DSQ va Advokatlar palatasi.

Ushbu hujjat 23.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid