«Real»ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan 9 futbolchi
Shu yilning yozida Madrid jamoasi jiddiy o‘zgarishi mumkin. «Tribuna» kelayotgan yozda «Qirollik klubi» kimlarni xarid qilishi mumkinligiga to‘xtaladi.
Jamoaga yangi qon
«Qirollik klubi» «oshxonasi»ni barchadan yaqinroq biluvchi Marca nashri «Real» yozgi transferlar uchun 300 million yevro tayyorlab qo‘ygani haqida xabar tarqatdi. Jamoaning bu mavsumda qoniqarsiz ishtirok etayotganini ko‘rib turgan prezident Florentino Peres tarkibni jiddiy kuchaytirishga bel bog‘lagan. Zidan shogirdlarining har bir o‘yini jamoa tarkibi kuchaytirishga muhtoj ekanini ko‘rsatib bormoqda. O‘tgan haftaning seshanba kunida madridliklar Ispaniya Kubogidan chiqib ketgani bu zaruratni yana kun tartibiga chiqardi. «Real» ayni vaqtda Ispaniya chempionatida to‘rtinchi bo‘lish va Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish uchun «Vilyarreal» va «Sevilya» bilan raqobat qilmoqda. Turnir jadvali yetakchisi «Barselona» bilan oradagi farq 16 ochkoni tashkil etib turibdi. Jamoaga yangi qon kerakligi - faktga aylangan.
Katta transferlarga pullar qayerdan?
«Qirollik klubi» tubsiz neft quduqlariga ega emas, ertaknamo qatarliklar biznesi moliyalamaydi, jamoa g‘aznasi aqlli va ishbilarmon kishi harakatlariga bog‘liq. Peres keyingi yillarda transferlar bozorida tejamkorlik bilan ish tutdi va yangi «galaktikos» uchun millionlar sarflamadi. Bu jamoadagi ikki yirik transfer amalga oshirilganiga qariyb 10 yil bo‘lmoqda - Krishtianu Ronaldu (94 million yevro) va Garet Beyl (101 million yevro) bo‘lishgandi.
«Real»ning oxirgi yirik investitsiyasi 2014 yilning iyulida 75 million yevro evaziga «Monako»dan Xames Rodrigesning xarid qilinishi bo‘lgandi.
Keyingi yillardagi transfer amaliyotlaridan keyin «Real» 85 million yevrolik foyda bilan chiqdi. Bunga qatorasiga ikki mavsum Chempionlar ligasi g‘olibligi va amerikaliklar kompaniyasi bilan yangi homiylik shartnomasi (4 yilga 200 million yevro). O‘tgan moliya yilini «Real» 178 million yevrolik ijobiy balans bilan yopdi. Lekin ko‘rinibdiki, bu jamoa pulni Fors ko‘rfazi havosidan yasamaydi.
G‘aznadagi pullarni kimlarga sarflash mumkin?
Madrid klubining asosiy yulduzi Krishtianu Ronaldu ko‘rsatayotgan o‘yinlardan kelib chiqib aytish mumkinki, Peres «Real»da keng ko‘lamli yangilanishlar qiladi. U birinchi navbatda hujum chig‘zig‘ini kuchaytirishi aniq. Bundan tashqari, markaziy himoyaga ham yangi havo kerak. Taxmin qilib ko‘ramiz, yozda «Real» kimlarni sotib olishi mumkin.
1. Neymar («PSJ», bozor narxi - 180 million yevro - )
Braziliyalik bu futbolchining Madridga o‘tishi haqidagi gaplar u Parijga ketishidan oldin ham bo‘lgandi. U Fransiyadagi hayotidan mamnun emasligi haqida xabarlar tarqala boshlagach esa, uni yana «Real»ga olib kelishmoqda. «Barselona» futbolchisini o‘ziniki qilish Peresning eng shirin orzusi. Bundan tashqari, OAVda Parij klubi Ronalduni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi bo‘layotgani haqida tarqalgan xabarlar bu ikki klub ikki futbolchisini almashtirishi imkoniyatini oshirdi. Hozircha, «PSJ» bu bo‘yicha xabarlarni rad etmoqda. Shu bilan birga parijliklar Neymarni 300 million yevroga bajonidil qo‘yib yuborishi mumkinligi aytilmoqda.
2. Harri Keyn («Tottenhem», 120 million yevro)
Angliya futbolining 2018 yilgi jahon chempionatidagi asosiy umidi bo‘lmish Keyn 2017 yilda Angliya terma jamoasining eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi. U bir necha yildan buyon yorqin va barqaror o‘yin namoyish etmoqda. «Real»ga u kabi markaziy hujumchi juda zarur, u Karim Benzemani almashtirishi mumkin bo‘ladi. Fransiyalik futbolchi joriy mavsumda oxirgi imkoniyat berilgandi va u ishonchni oqlay olmadi. Fanatlar har o‘yinda uning ketishini talab qilishmoqda.
Biroz avvalroq Madrid klubi «Tottenhem»ga ushbu futbolchi uchun 226 million yevro taklif qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. London-Madrid yo‘nalishida bungacha Modrich va Beyl ham harakatlangan. Keyn bu borada uchinchi bo‘lishi ham mumkin. Shu vaqtda «Tottenhem» ustozi Maurisio Pochettino «Real»da Zinedin Zidanning o‘rniga kelishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlar inobatga olinsa, Keynning transferi haqiqatga yanada yaqinroq bo‘ladi.
3. Eden Azar («Chelsi», 100 million yevro)
Futbolchining otasi Terri Azar uning o‘g‘li londonliklar klubi bilan shartnomani uzaytirishni istamagani haqida aytganida, u «Real»ga o‘tishni ko‘zlayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Eden esa bunday xabarlar tarqalishiga keskin munosabatda bo‘ldi: «Mening otam ba'zida ahmoqona gaplarni gapiradi. Men bor e'tiborimni «Chelsi» o‘yinlariga qaratganman. Shartnomam yakuniga qadar yana 2 yil bor, tashvishlanishga hojat yo‘q». Ammo u hamon klub bilan shartnomasini uzaytirmay kelmoqda.
Belgiyalik futbolchi 5 yildan buyon London klubida. U yangi chaqiriqlarni qabul qilishi kerak. Zidan uning o‘yiniga muxlis ekani haqida aytishmoqda, u prezident maslahatchisi bo‘lgan vaqtlarida ikki marta, 2011 va 2012 yillarda Peresga Azarni sotib olishni maslahat bergan. Taqdirning hazilini qarangki, Azar Madridga kelishi Zidan Madriddan ketishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
4. Robert Levandovski («Bavariya», 80 million yevro)
Polsha terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (51 gol). U oxirgi ikki mavsumda kamida 50tadan gol urgan - agar «Tottenhem» Keynni sotishni istamasa, eng muqobil variant aynan Robert Levandovskidir. «Bavariya» ushbu hujumchini olib qolish uchun tish-tirnog‘i bilan yopishmaydi, ushbu futbolchi o‘tgan yilda bir necha marta klub rahbariyatini matbuotda tanqid qildi. Uning chiqishlari klub boshqaruvi raisi Karl-Haynts Rummenigge tomonidan yomon kutib olindi. Agar Peres yaxshi narx taklif qilsa, polshalik futbolchi chamadonini ko‘tarib Madridga yo‘l olishi mumkin.
5. Muhammad Saloh («Liverpul», 80 million yevro)
«Real»ning ushbu futbolchiga qiziqayotgani haqidagi xabarlar Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperning bayonotidan boshlandi. O‘shanda murabbiy va Misr futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abo Rida Madrid klubidan qiziqish borligini tasdiqlashgandi. Buning hayron qoldiradigan joyi yo‘q, futbolchi «Liverpul»dagi debyut mavsumini a'lo darajada o‘tkazmoqda, u terma jamoani Jahon chempionatiga olib chiqdi. U joriy mavsumda barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda 27 gol urib ulgurdi. Bu Benzema, Beyl va Marko Asensio birgalikda urgan gollar sonidan ko‘p.
«Liverpul» boy klub bo‘lsada, o‘z yulduzlarini saqlab qolishi bilan maqtana olmaydi. Jamoaning ko‘p yillik yetakchisi Koutinoning Ispaniyaga yo‘l olganini hisobga olsak, misrlik futbolchini tarkibga qo‘shib olish boshqa bir ispan grandiga ko‘p qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin. Bundan tashqari, Asensio «Enfild»ga berilishi haqidagi xabarlar fonida ushbu transfer amalga oshishi haqiqatga yaqinlashadi.
6. Mauro Ikardi («Inter», 75 million yevro)
Argentinalik ushbu hujumchi ham Madridning short-listida. O‘tgan yilning noyabrida poytaxtliklar klubi hujum chizig‘ida muammolarni his qila boshlaganida Marca nashri saytida o‘tkazilgan so‘rovnomada madridliklar klubi muxlislarining eng ko‘p qismi Mauro Ikardi transferini ma'qul ko‘rishi ma'lum bo‘lgandi.
Ikardining ustun jihatlari ko‘p: u samarali futbolchi, u yosh futbolchi, u Chempionlar Ligasida bemalol o‘ynay oladi. Agar uni madridliklar klubi qishki transferlar yakuniga qadar sotib olmasa, yozda sotib olishga harakat qilishi aniq. Uning shartnomasida badal puli sifatida 110 million yevro ko‘rsatilgan.
7. David de Xea («Manchester Yunayted», 50 million yevro).
Ispaniyalik bu darvozabon «Real»da uch yil muqaddam paydo bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo o‘sha afsonaviy faks tufayli barchasi barbod bo‘ldi - o‘shanda «MYu» ushbu darvozabon uchun 25 million yevro va Keylor Navasni olishga rozi bo‘lgan, Navas aeroportga chiqib, Angliyaga yo‘l olgandi. Ammo tomonlar faks ishlamay qolgani tufayli hujjatlarni yuborishda kechikishdi va transfer amalga oshmadi, Navas Madridga qaytdi.
Bu voqeadan hech kim afsuslanmadi ham - Navas «Qirollik klubi» darvozasining ishonchli qo‘rg‘oniga aylandi, de Xea Manchesterda qolib, nafaqat jamoaning eng ishonchli futbolchisiga, balki Premer liganing eng kuchli darvozaboniga aylandi. U shuningdek, Ispaniya terma jamoasida asosiy darvozabon. Endi inglizlar bu futbolchi uchun 100 million yevro so‘rashlari ham mumkin.
8. Kepa Arrisabalaga («Atletik», 20 million yevro)
Peresga de Xeaning narxi qimmatlik qilayotgan bo‘lsa, u «Atletik» darvozaboni Kepa Arrisabala variantiga yuzlanishi mumkin. Jurnalistlar Kepani mavsum boshidan buyon «Real»ga o‘tkazish bilan shug‘ullanishdi, ammo madridliklar sustkashlik qilishi oqibatida u basklar jamoasi bilan 2025 yilgacha davom etuvchi yangi shartnoma tuzdi. U «Real»ga kelishga yaqin edi, ammo Zidan ushbu yosh darvozabonning jamoasiga kelishiga qarshi bo‘ldi, buni ushbu futbolchi jamoada murabbiyning o‘g‘li Luka Zidanga raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgani bilan izohlashdi. Agar Madridda yozda murabbiy almashsa, Kepa variantiga yana qaytilishi ehtimoldan uzoq emas.
9. Alvaro Odriosola («Real Sosedad», 20 million yevro)
Peres yangi futbolchilar qidirib nafaqat xorij chempionatlarini, balki ichki chempionatni ham kuzatadi. Ichki bozorda «Real» safida o‘ynab keta olish salohiyatiga ega bir yosh futbolchi bor - San-Sebastyan jamoasining 22 yoshli qanot himoyachisi - Alvaro Odriosola. O‘tgan yili bu yosh futbolchini Xulen Lopetegi Ispaniya terma jamoasiga kiritdi. Uning shartnomasidagi badal puli miqdori - 40 million yevro. Yosh Ashraf Hakimiy hozircha «Real»da Dani Karvaxalning o‘rnini bosa olmayapti, uning sog‘ligida ham tez-tez muammolar paydo bo‘lib turadi. Bask futbolchisi aynan o‘ng qanotda harakatlanadi.
«Real»ga alaloqibat kim kelishidan qat'i nazar bir narsa aniq - Peres jamoada qayta qurish ishlarini albatta amalga oshiradi. Mavsum yakuniga qadar hali bor, madridliklar Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi va ichki chempionatdagi omadsizlikni biroz oqlashi mumkin, ammo «Santyago Bernabeu»da «Barselona»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishni prezident kechirmaydi. Madrid kamida 300 millionlik transferlarni amalga oshiradi. Kamida.
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:52 / 27.10.2024