Jamiyat | 12:10 / 01.02.2018
45409
2 daqiqa o‘qiladi

23 kunlik chaqaloqni sotayotgan “mehribon” ona-bola qo‘lga tushdi

Foto: Andijon viloyat bojxona boshqarmasi

12 yanvar kuni Buloqboshi tumanida qizining bolasini katta summaga pullayotgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Andijon viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Marhamatlik M. turmushga chiqib, qizchalik bo‘ldi. Uning umr yo‘ldoshi Rossiya davlatida qurilishda ishlardi. Oradan 2 yil o‘tdi. Shunday bo‘ldi-ki, Rossiyadan ishlab qaytgan er bir muddat uyda bo‘ldi. Oradan bir-ikki oylar chamasi o‘tgach, yana ishlash uchun jo‘nab ketdi. U ketgandan so‘ng bir oy o‘tibgina homilador ekanini tushungan ayol bu haqda u turmush o‘rtog‘iga telefon orqali xabar qiladi. Biroq er xotinidan shubha qilib, bolani tan olmaydi.

Balki shu voqeadan so‘ng ayol boladan qutulish choralarini ko‘ra boshlagandir. Bu “reja”da unga o‘z onasi F. yordamga keladi. Bola tug‘ilgunga qadar ular turli choralarni o‘ylab, bolani sotish harakatiga tushishdi. Bolani o‘z otasi tan olmas ekan, u kimga ham kerak? Mahalla, qarindosh-urug‘ nima deyishadi?

26 yoshli M. va uning onasi F. 2018 yilning 12 yanvar kuni Andijon viloyati, Buloqboshi tumanida Lobar ismli ayol bilan oldindan kelishib atigi 23 kunlik jajjigina norasida go‘dakni 4500 AQSh dollari va 4.000.000 so‘m evaziga pullayotgan chog‘i Andijon viloyati, Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi. Jinoyatchilarga Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, M va uning onasi F. esa endilikda qilgan jinoyatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-modda, 3-qismining “a” bandiga muvofiq, qonun oldida javob berishadi.

Mavzuga oid