Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida 2013-2015 yillarda barpo etilgan namunali uylar, garchi qurilganiga sanoqli yil bo‘lganiga qaramay, uni xarid qilganlarning noroziligiga sabab bo‘layotgani, mutasaddi tashkilotlar muammoni hal qilishda sansalorlikka yo‘l qo‘yayotgani haqida xabar qilgan edik. Ba'zi fuqarolar kamchiliklarni o‘z kuchlari bilan bartaraf etishga urinayotgani xususida fikrlar bildirildi.
Ammo, bu kabi holatlar birgina Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida barpo etilgan namunali uylarda bo‘lgandir, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Yuqorichirchiq tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilgan 800 ga yaqin namunali uylar qo‘rg‘onidagi namunali uylarning ham muammosi talaygina ekaniga o‘rganishlarimiz chog‘ida guvoh bo‘ldik.

Yo‘llar asfalt qilinmagan. Biz uchrashgan fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, asfalt qilingani ham takror-takror murojaatlardan so‘nggina amalga oshirilgan. Garchi bu hududdagi Chiqindini tashib ketish xizmati yo‘lga qo‘yilmagani bois, aholi bu muammoni qanday bartaraf etishni hanuz bilmaydi.

“Toza hudud” davlat unitar korxonasining tuman bo‘limi aholining murojaatlariga qaramay, ortiqcha chiqindi tashish mashinasi yo‘qligi vajidan bu muammoni hal etishni paysalga solmoqda.
Bundan tashqari, Ilhom Muhammedov va Saidxo‘ja Shamsiyevning aytishicha, pudratchilar ko‘chalarga yoritqichlarni o‘rnatmagan, aholi o‘z hisobidan pul yig‘ib, yoritqichlar o‘rnatishmoqda.
Biz uylarga uzatilgan elektr simlarining ulanishiga ham e'tibor qaratamiz. Shumi, zamonaviy turar joylarning “namunasi”? Aksariyat uy egalarida kadastr hujjatlari ham yo‘q. Bunga, suhbatdoshlarimizning aytishicha, namunali uylarni qabul qilish jarayonining yakunlanmagani sababdir.

Bu yerda ichimlik suvi muammosi ham bor gap. Aholi vakillariga ko‘ra, shu uylar qurilishi sabab bir necha pudratchi qurilish firmalarining rahbarlari qamalib ketgan. “Bizni ajablantirgan narsa, bir kun qarasam, quruvchilarga ovqat pishirib yurgan oshpazning ham “prorab” bo‘lib olgani bo‘ldi”, - deydi hamsuhbatimiz.
Biz ushbu muammolar girdobidan chiqib, Yuqorichirchiq tumani hokimligiga bordik va hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Rahmonov bilan uchrashdik.
















