Jamiyat | 23:26 / 03.02.2018
109573
5 daqiqa o‘qiladi

Soxta abituriyentlar aniqlandi, ammo ular allaqachon talaba

2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qaror bilan oliy ta'lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etildi. Yangi qaror pedagogika sohasida bir necha yillar davomida mehnat qilib kelgan ustozlar uchun shunday imkoniyat yaratdiki, aynan sirtdan turib o‘qish sharoiti va oliy ma'lumotli bo‘lish istagida bo‘lgan o‘qituvchi, tarbiyachilar uchun haqiqiy tantana boshlangandi. Ammo, amalda unday bo‘lmadi.

Prezident tomonidan imzolangan qarorning 6-bandida «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2017 yil 30 sentabrgacha 2017/18 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limiga 1-kursga talabalarni qabul qilish yuqori saviyada va adolatli o‘tkazilishini ta'minlasin» deyilgan. Har ikki vazirlik mutasaddi rahbarlari bu vazifani uddalay olmadi.

Gap shundaki, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida joylashgan 8-umumta'lim maktabidan faqat besh nafar «​pedagog»​ning hujjatlari tuman Xalq ta'limi bo‘limiga yuborilgan. Vaholanki, o‘qish istagini bildirgan, nizom talablariga to‘laqonli mos kelgan o‘qituvchilar ko‘p edi. Haqiqatan, mushuk oftobga tekinga chiqmasa kerak, maktab direktori qasddan loyiq nomzodlarning hujjatlarini yuqori kengashga yubormagan. Shu ham yetmaganday, saralangan «pedagog»​larning hujjatlarida aniqlanishi lozim bo‘lgan kamchiliklarga tuman mudiri Boymatov panja ortidan qaradi. Alalxusus, besh nafar nomzod vazirlik tomonidan oliy ta'lim muassasasida maxsus sirtqi bo‘limda o‘qishga tavsiya etildi. Ne ajabki, ular hozir talaba. Bu o‘rinda davlat rahbari imzolagan qarordagi «yuqori saviya va adolatli» saralash haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Ishning mohiyati shundaki, talabalikka tavsiya etilganlar ichida 11 yildan buyon maktabda ishlamayotgan, pedagogik kengash «tavsiya» etmagan, o‘rta maxsus ma'lumoti to‘g‘risidagi diplomini soxtalashtirgan, yetarli pedagogik tajribaga ega bo‘lmaganlar topiladi. Abituriyentlarni saralash, munosiblarni talabalikka tavsiya etish nima uchun tuzilgan? Aynan shunday noloyiqlarni o‘tkazib yuborishni osonlashtirish uchunmi?

Masalan, Nilufar Azimova 2004 yil Farg‘ona ijtimoiy-iqtisodiyot kollejini tugatgan, mutaxassisligi xo‘jalik masalalari huquqshunosi, hisobchi, kadrlar bo‘yicha inspektor. Nilufar 2006 yildan buyon 8-maktabda ishlamaydi. 11 yil ta'limdan chetda bo‘lgan, qolaversa, uy bekasi bo‘lib o‘tirgan ayni talaba  hujjatlarida Nilufar pedagogika kollejini tamomlagani aytiladi. 

Bundan tashqari, Farg‘ona davlat universitetida Xalq ta'limi vazirligi tavsiyasiga ko‘ra maxsus sirtqi bo‘limda tahsil olayotgan Zarifa Boyboyevani esa maktab pedagogika kengashi abituriyentlikka ham tavsiya etmagandi. Shuningdek, Sanobar Rasulovani ham kengash tavsiya etmagan. Yana qarorga behurmatlik, yana nizom talabi buzilmadimi? Ozoda Nuriddinova ham nizom talablariga zid ravishda, talabalikka saralangan. U mana shu maktabda laborant bo‘lib ishlagan, o‘qituvchi emas. Eng achinarlisi, talabalikka tavsiya etilganlar orasida maktab sobiq direktori Hamdamovning talabalikka noloyiq singlisi ham bor. Nega jon kuydirib, shu masalaga qayta-qayta murojaat etdim?! Sabab bitta: xalq adolatga, hukumat olib borayotgan islohotlarga chin yurakdan ishonsin, rahbarlarga yordam berib, haqiqiy porloq kelajakni qurishda kamarbasta bo‘lsin. Afsuski, joylardagi ayrim g‘alamis boshliqlar nohaqlikka yo‘l qo‘yishi oqibatida jamoatchilikning fikri yana salbiy tomonga o‘zgarib qolmoqda.

Ishning misi chiqishi bilan shu paytgacha 8-umumta'lim maktab direktori lavozimida ishlab kelgan D.Hamdamov vazifasidan ozod etilib, endilikda 23-umumta'lim maktabi direktori sifatida ish boshlagan. Oltiariq tumani Xalq ta'lim bo‘limi mudiri Boymatov esa «hayfsan» jazosi bilan «qutuldi». Muhimi, soxta abituriyentlar talabaga aylandi, bu ishdan kim va qay uslubda manfaatdor, bizga noma'lum. 

Ammo, Kun.uz mavzuni davom ettirib, kelgusida «maxsus sirtqi bo‘limiga kirish» bo‘yicha amalga oshirilgan barcha nayranglarni oshkor etadi. Shuningdek, oliy ta'lim muassasasi rahbariyatidan nomlari yuqorida zikr etilgan «pedagoglar»ni talabalar safidan chetlashtirishni, viloyat prokuraturasi esa mazkur ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishini so‘raydi.

Mavzuga oid