22:20 / 04.02.2018
15087

Andijonda maqom kechasi anshlag bilan o‘tdi

Foto: KUN.UZ

Rosti, milliy san'atimiz gultoji sanalgan maqom qo‘shiqlaridan tuzilgan konsert dasturiga bu darajada ko‘p tamoshabin keladi, deb o‘ylamagan edim. Adashgan ekanman,  Bobur nomli viloyat musiqali drama teatri zali, tadbir boshlanmasdan yarim soat avval  jonli ijro ixlosmandlari bilan to‘lgandi.

Andijon san'at kolleji o‘qituvchi va o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan “An'analar etadi davom” maqom kechasida eng sara maqom va mumtoz qo‘shiqlar jonli ijroda aytildi. Xonanda va sozandalar ijrosidagi Buzruk maqomidan “Talqinchai mo‘g‘ulchai buzruk”, Bobur g‘azali bilan Navo maqomidan “Soqiynomai mustahzodi navo” asarlari tamoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

San'at kolleji jamoasining eng katta yutug‘i nafaqat sozanda va xonandalarning yuksak mahorati, balki tanlangan dasturning mukammalligida edi, desam adashmagan bo‘laman.               

“Ayni vaqtda milliy o‘zlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san'atining keng imkoniyatlaridan foydalanishga katta e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi milliy maqom san'atimizning yuksalishiga katta imkoniyatlar yaratib berayotir”, - dedi Andijon san'at kolleji direktori, O‘rmonbek Nurmatov.

Dasturni tinglab, barcha ma'naviy ozuqa oldi. San'at yangiliklaridan ham xabardor bo‘ldi.

Ha, aytganday, 10 fevral kuni musiqa shinavandalari uchun Andijonda yana bir bayram bor.  O‘sha kuni, taniqli venger pioninochisi Reti Balaj o‘z dasturi bilan mehmonga keladi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top